Peru hukumati norozilik namoyishlari tufayli 15 yanvardan boshlab mamlakatning ayrim hududlarida, jumladan, poytaxt Limada ham favqulodda holat e`lon qildi. Bu haqda LaRepublica gazetasi xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, maxsus rejim 30 kunga joriy etildi.
"2023 yilning 15 yanvaridan boshlab Puno, Kusko, Lima, Kalyao hududlarida, Apurimak hududining Andauaylas provinsiyasida, Madre-de-Dios hududining Tambopata va Taxuamanu provinsiyalarida, shuningdek, Mokegua hududining Mariskal-Neto provinsiyasidagi Torata shahrida 30 kalendar kun muddatga favqulodda holat e`lon qilinsin", — deyiladi farmonda.
Ichki tartib Peru milliy polisiyasi va Qurolli kuchlar tomonidan ta`minlanadi.
Farmon beshta avtomagistralni, jumladan, Janubiy va Shimoliy Pan-Amerika magistrallarini ham qamrab oladi. Bundan tashqari, Puno shahri aholisiga soat 20:00 dan 04:00 gacha uylarini tark etish taqiqlanadi. Taqiq o`n kun davomida amal qiladi.






