O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning taklifiga binoan 16-18 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo`ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq Singapur Prezidenti Halima Yaqub va mamlakat Bosh vaziri Li Syan Lun bilan oliy darajada uchrashuv va muzokaralar o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Kun tartibidan ko`p qirrali O`zbekiston-Singapur munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari o`rin olgan.
Savdo-iqtisodiy, investisiya, innovasiya va transport-kommunikasiya sohalarida, shuningdek, davlat boshqaruvi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e`tibor qaratiladi. Ushbu yo`nalishlarga doir ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to`plami muzokaralar yakunida imzolash uchun tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, Prezidentimiz Singapurning etakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o`tkazadi. Tashrif arafasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes forumi bo`lib o`tadi.