Xabar berganimizdek, kecha 29 yanvar kuni soat 16:15 larda Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahri “Temir jol” MFYdagi 4 qavatli uyning to`rtinchi qavatida joylashgan xonadonlarning birida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo`lgan.
Hodisa sodir bo`lgan vaqtda ikki nafar odam shifoxonaga olib ketilgan edi. 30 yanvar kuni soat 02:30 larda FVV qutqaruvchilari tomonidan turli darajadagi jarohatlar bilan vayronalar ostida qolib ketgan 5 yoshli qizaloq chiqarib olinib, malakali tibbiy yordam ko`rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan. Shuningdek, oradan 30 daqiqa o`tib bino konstruksiyalari orasidan bir nafar fuqaroning jasadi topilgan edi. Ayni paytda FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, bugun erta tongga kelib, vayronalar ostidan yana 4 nafar fuqaroning jasadi topilib, jami halok bo`lganlar 5 nafarga etdi.
Voqea joyida Favqulodda vaziyatlar vaziri boshchiligida hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.