Navoiy g`azalining ikki qator baytini tilanchidan qanchaga sotib olgan?

Mutolaa 09.02.2023, 09:01
Navoiy g`azalining ikki qator baytini tilanchidan qanchaga sotib olgan?

Bugun, 9 fevral she`riyat mulkining sultoni, Mir Alisher Navoiy hazratlari tavallud topgan kun. Mavlono 1441 yilda Hirot shahrida tavallud  topgan. Navoiyning ta`rifini, mukammal ijod namunalariyu, yuzlab g`azallari haqiqda yillarki eshitib, o`rganib kelamiz. Uning beqiyos ijodi kitoblar, darsliklar, ilmiy o`rganishlar va internet manbalari orqali insoniyatga qo`lma-qo`l o`tib kelyapti, ma`lum va mashhur. "darakchi.uz" bugungi sana munosabati bilan kun davomida Alisher Navoiyning biz bilmagan va eshitmagan ayrim rivoyat va manbalarga asoslangan tarixi haqidagi ma`lumotlarni taqdim etib boradi.  

Alisher Navoiyning ko`pgina asarlari o`z tarixiga ega. Ayrimlarining yaratilishi tarixi yozma manbalarda aniq dalillar keltirilgan bo`lsa, boshqalari haqida hatto turli rivoyat va hikoyatlar ham tarqalgan.

 Ayrim g`azallarning yaratilish davri xususida tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari o`rtasida anchadan beri bahslar davom etib keladi. Ana shunday g`azallardan biri Alisher Navoiyning:

   Ko`kragimdur subhning perohanidin chokroq,

   Kiprigim shabnam to`kulgan sabzadin namnokroq.

 – matlai bilan boshlanadi. Alisher Navoiy haqida xalq afsonalarini o`zida jamlagan “El desa Navoiyni...” to`plamida xuddi shu haqdagi rivoyat ham keltirib o`tilgan.

 Ko`pgina adabiyotshunoslar ushbu bayt bilan boshlanuvchi g`azalning matlaini Samarqandda, bir tilanchidan eshitib qolgani, keyinchalik oradan o`n yillar o`tib, uni sotib olgani haqida ma`lumot berishadi.

 Ma`lumotlarga ko`ra, 1465-1469 yillarda Alisher Navoiy Samarqandda yashagan, shu erda o`qib ijod qilgan. Xuddi shu davrlarda Alisher Navoiy Samarqandda bir darveshning tilidan yuqoridagi baytni eshitib qolgani haqidagi bir rivoyat yuzaga kelgan.

Rivoyat qilishlaricha...

...Alisher Navoiy Samarqandda tahsil olayotgan yillarda Samarqand bozorida bir darvesh ana shu baytni kuylab, tilanchilik qilib yurganini ko`radi. Bu bayt Navoiyga juda ham ma`qul bo`ladi. Darvishni xoliroq joyda uchratib, ushbu baytni sotishni so`raydi.

Biroq, bu paytda Navoiyning shoirga beradigan bir nechta aqchasi va egnidagi to`nidan boshqa hech narsasi yo`q edi. Darvish unga bu baytni kuylab  qirq yildan beri oila tebratishini aytadi. Navoiy bu g`azalning muallifi bilan qiziqadi. Ma`lum bo`lishi darvish bu g`azalni otasidan yod olgan bo`lib, muallifi kim ekanligini bilmas ekan. Navoiy noumid bo`lib, hujrasiga qaytadi.

Bu orada Husayn Boyqaro Xuroson taxtini egallab, do`stini Hirotga taklif etadi. Sulton Husaynning saltanatida yuqori lavozimni egallaydi. Oradan o`n yildan ko`proq o`tgandan so`ng Navoiy davlat ishlari bilan Samarqandga yo`li tushib, qadrdonlarinikida mehmon bo`ladi. Bir suhbatda Navoiy o`sha bayt va uning sohibini eslaydi. Hamsuhbatlar Navoiyga darveshning nihoyatda keksayib, endi bozorma-bozor, rastama-rasta yurolmay qolganligi, bir erda munkayib o`tirganicha pichirlab, tilanayotganidan darak berishadi. Navoiy o`sha darvishni izlab topadi va avvalgi tilagini eslatadi.

Shunda darvish baytni bitta yaxshi hovli-joy, bitta tegirmon va bir eshakka almashishini aytadi. Navoiy cholning shartiga ko`nadi. Unga aytganlarini olib beradi. Bayt esa uning shaxsiy mulki bo`lib qoladi. Shundan keyingina unga dadil qo`l urib, baytni mukammal g`azal holiga keltiradi...

Navoiyning boshqa g`azallari qatori bu ham o`z vaqtida muxlislariga etib boradi, hofizlar uni kuyga solib kuyladilar, bu kuy Navoiyning g`azali bilan asrlar osha bizning davrimizga etib keldi. 

“Mualliflik huquqi”ning tarixiy ko`rinishi

Bu bir qarashda mubolag`aga o`xshab ko`rinishi ham mumkin. Umri davomida yuz ming baytdan ko`ra ko`proq badiiy meros qoldirgan buyuk shoir nahotki birovning bir bayti uchun shu qadar jon kuydirgan, uning uchun juda katta xarajat qilgan bo`lsa?

Albatta, bu o`rinda biroq mubolag`a ham bo`lishi mumkin. Lekin haqiqat shuki, Navoiy chindan ham Samarqandda ancha payt yashagan, shu erdagi shoirlar, olimlar suhbatidan bahramand bo`lgan, bu erda dilbar she`rlar bitgan. Bundan tashqari, Navoiy o`zidan avval yashab o`tgan va zamondosh shoirlarning go`zal misralariga yuqori baho bergan. Iste`dod egalarini topib, ularni har taraflama rag`batlantirgan.

Yuqoridagi g`azal ham oshiqning ruhiy ahvoli go`zal tashbehlar bilan ifodalangan nafis ijod namunalaridan biridir. Yuqoridagi holatda ehtimol, Navoiy faqat baytning go`zalligi, nafisli tufayli emas, umrini shu baytni aytib, oila boqib o`tkazgan bir tilanchiga yaxshilik qilish, umrining qolgan qismini o`z uyida, farog`atda o`tkazishini istagani uchun ham baytni shu qimmat narxga sotib olgandir?

Qolaversa, bu rivoyat zamonavi tilda “mualliflik huquqi”, “plagiatlikka qarshi kurash” singari tushunchalar Navoiy davrida ham mavjud bo`lgani, xususan Navoiyning o`zi ham boshqalarning ijodiga katta hurmat bilan qaraganini ko`rsatadi.

Haqiqatga qanchalar yaqin?

Afsuski, yuqoridagi rivoyatning biror tarixiy manbadagi talqinini uchratmadik. Rivoyat ilk bor, o`tgan asrning 60-yillarida ilk follor to`plamlarida chop etilgan.

Rivoyatdagi faktlarni tahlil qiladigan bo`lsak, Navoiy Hirotga qaytganidan so`ng oradan o`n yildan ko`proq vaqt o`tganidan keyin, ya`ni “tilanchi bilan hisob-kitob qilinganidan so`ng” bitilgan. Demak, ushbu g`azal 1489 yilda to`liq, bugun biz bilgan holda kelgan bo`lishi kerak edi.

Lekin, Alisher Navoiyning 1471 yilda temuriylarga qo`shni Oqqo`yunlilar davlatida ko`chirilgan devonida ushbu g`azal to`liq ko`rinishda uchraydi. Qolaversa, tarixiy manbalarda Navoiy Hirotdan qaytganidan so`ng yana Samarqandga kelgani haqida ma`lumotlar yo`q.

Yana bir qiziq ma`lumot shundaki, tarixchi Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida esa, ushbu bayt Navoiyning yaqin mulozimlaridan Mavlono Sohibdorodan sotib olinganiga ishora qilinadi.

Nima bo`lgan taqdirda bu g`azal Navoiy ijodiga mansub eng go`zal she`rlardan biri sanaladi.

Rustam Jabborov, jurnalist

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1