16 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari o`zaro savdoni ko`paytirish, etakchi korxonalarning sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirish, qo`shma Loyihalar ofisi doirasida ustuvor tarmoqlardagi investisiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratdilar.
Shu ma`noda, “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro ko`rgazmasi va O`zbekiston-Rossiya hududlar forumini o`tkazish muhimligi ta`kidlandi.
Ikki davlat etakchilari madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo`lajak tadbirlar rejasini ko`rib chiqdilar.






