1

«Mehribonlik uyi»dan kelgan farishta

Mutolaa 26.09.2016, 14:35
Teglar: Xikoya, Farzand, Ayol, Ona, Ota, Ota-ona, Oila, Ona va bola
«Mehribonlik uyi»dan kelgan farishta

Tahririyatga kirib kelgan muxlisamiz o`z hayotiy tajribasi haqida o`rtoqlashish niyati borligini aytdi. «Mening taqdirim balki farzandsizlik alamida yurgan oilalarga saboq bo`lar», dedi u o`z muddaosini bildirarkan…

Bir kuni teleekranda berilayotgan rolikka ko`zim tushib qoldi: «Bolaning begonasi bo`lmaydi!» Kun bo`yi shu jumla xayolimda aylanib yurdi. Turmush o`rtog`im bilan o`n yil tirnoqqa zor yashadik. Bu yillar davomida jon-jahdimiz bilan ota-ona bo`lishga intildik: Samarqand, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo… xullas, dardimizda davo izlab, bormagan joyimiz qolmadi. Do`xtirlar nima desa, hammasini bekamu ko`st bajardik. Ukol-dorilardan shunchalar bezib ketgandimki, borgan sari hatto bir dona tabletkani yutish azob bo`lib qolgandi. Qilgan irim-sirimlarimizni aytsam, kitob bo`ladi. Qaerda qanday tabib borligini eshitsak, oyog`imizni qo`lga olgancha o`sha erga yugurdik. Ularning hammasi porloq kelajak va`da qilar, «bir etak bolalaring bo`ladi» deb bashorat qilardi. Do`xtirlar ham «albatta bo`ladi» deb, tinmay davolashdi. Natija bo`lavermagach, ular ham elka qisishdi: «xafa bo`lmang, farzandli bo`lishlaringizga kafolat berolmaymiz...»

Yillar, gap-so`zlar, ta`na-dashnomlar, kinoyayu pichinglar bizni shunchalar pishitgan ekanki, oxiri hammasiga qo`l siltadik: nima bo`lsa bo`lsin! Bir qo`shnimiz aytgandi: «Hozircha bolalaring bo`lmayaptimi, o`zlaring uchun yashanglar. Keyin bir umr farzandlaring uchun yashaysizlar». Er-xotin endi o`zimizni qiynamaslik, taqdirga tan berishni ma`qul ko`rdik. «Farzandli bo`lish taqdirimizda bitilgan bo`lsa, bo`ladi. Peshanamizda ota-ona bo`lish baxti bo`lmasa, demak, bolamiz bo`lmaydi». Oxiri shunday qarorga keldik. Buni mardlarcha tan olish va yashashda davom etish kerak. Xullas, endi qo`shnimiz aytgandek, o`zimiz uchun yashay boshladik: kinoga, teatrga, ko`rgazmalarga bordik, sayr qildik… qisqasi, farzandsizlik dardini unutishga urindik. Hatto kimlardir bizning bu tarzda «maza qilib aylanib yurganimizga» havas qildi. Biz esa o`zimizdan o`tganini o`zimiz bilardik...

Uch kishi bo`ldik

Teleekranda berilgan o`sha rolik o`z ta`sirini ko`rsatdi: mehribonlik uyidan bola asrab olishga ahd qildik.

— Tanishing, bu Sevinch! — Mehribonlik uyi tarbiyachisi tim qora jingalak sochlari uzun qizaloqni etaklab keldi. — Aqlli, chiroyli…

Ko`rib, yuragim urishdan to`xtab qolganday bo`ldi: ko`zlari tim qora, kiprikchalari qayrilgan, sochlari ataylab qilingandek jingalak, farishtaning o`zginasi! Bu erga ikki yil oldin kelgan, ota-onasi avtohalokatda vafot etgan ekan. Qizaloq besh yoshga to`lgan, aqlini tanib qolgandi. U avvaliga erim ikkimizni sinchiklab ko`zdan kechirdi. Balki ota-ona roliga to`g`ri kelish-kelmasligimizni o`ylagandir. So`ng menga yuzlandi:

— Menga oyi bo`lasizmi? — Jilmayib tursa-da, ko`zlarida qandaydir qo`rquv bor edi.

— Agar sen rozi bo`lsang… — Men ham hayajonimni bildirmaslik uchun jilmayishga harakat qilardim.

— Bora qol, Sevinch, — tarbiyachi uning elkasidan tutib,  ohistagina biz tomon itardi.

Qizaloq xursand bo`lib, erim ikkimizning qo`limizdan ushlab oldi:

— Uylaringiz qaerda? Qachon ketamiz?

Bu savol erim ikkimiz uning «imtihon»idan o`tganimizni anglatardi.

Shunday qilib, uyga uch kishi bo`lib qaytdik. Sevinch aqlli qizcha edi, o`rgatganlarimizni o`sha zahoti eslab qolardi. Lekin tarbiyasida ayrim holatlar ham sezilardi: harflarni kam bilardi, sanashi ham qoniqarli emasdi, u bilan jiddiy shug`ullanmasak bo`lmasdi. Oxiri erim bilan kelishib, men ishdan bo`shab, qizimizning tarbiyasi bilan shug`ullanadigan bo`ldim.

Oilamizga Sevinch kelgach, erim ikkimizning munosabatlarimiz oldingidan ham yaxshilandi. Baxtimizning kemtigi to`lganday edi. Shu mitti odamcha bizni bir butun oila qildi. Biz uni bir ko`rishdayoq yaxshi ko`rib qolgandik. Lekin qiyinchiliklar ham bo`ldi. Ba`zida Sevinch kayfiyatsiz bo`lib qolardi. Nima gapligini so`rasam, «oyimni sog`indim» deb yig`lardi. Bor mehringni berib, necha yil deganda zo`rg`a «erishgan» bolangdan bunday gap eshitish azob ekan…

Ba`zida Sevinch so`ramasdan sumkamni titkilar, dadasining cho`ntagini kovlar, burchakka o`tirib olib, go`yoki kimdir olib qo`yadigandek nimalarnidir yashirincha er, hatto dars tayyorlashni buyurganimda meni ochiqdan-ochiq ayblardi:

— Siz yomonsiz! O`ynashga qo`ymaysiz. Oyim har doim ruxsat berardi.

Yoki:

— Men sizni yaxshi ko`rmayman. O`zimning oyimni yaxshi ko`raman.

Uning gaplari yuragimni tilka-pora qilsa-da, bildirmaslikka urinardim. Lekin bir kuni chidolmadim:

— Nega bunday qilasan-a? Men senga nima yomonlik qildim, qizim? — Yig`lab yuborishimni bilib, xonadan yugurib chiqib ketdim.

U esa ortimdan borib, meni mahkam quchoqlab oldi:

— Oyi, oyijon, kechiring! Endi umuman bunday qilmayman, chin so`zim! — Uning lablari, qo`llari titrardi.

«Meni qaytarib bermaysizmi?»

Qizimning gaplari qanchalik samimiy bo`lsa, ko`zlarida shunchalik qo`rquv bor edi. Titroq esa butun badaniga ko`chgandi. Nima bo`layotganini tushunmay, shunchalar qo`rqib ketdimki…

— Senga nima bo`ldi, qizim?!

— Meni mehribonlik uyiga qaytarib bermaysizmi?! — Uning ko`zlari xavotirga to`la edi.

Shu bir og`izgina gap menga hammasini anglatdi.

— Sen buyummassan-ku qaytarib bersam! Axir seni yaxshi ko`raman-ku, qizim!

O`n besh daqiqalardan keyin titrog`i bosildi. So`ng quyuq kipriklari ostidan aybdorlarcha qarab turdi-da, mahkam quchoqlab oldi. Quloqlarim ostida uning mayin ovozi eshitildi: «Siz dunyodagi eng yaxshi onasiz!»

Oradan sakkiz oy o`tdi. Sevinchning ilgarigi injiqliklari ancha kamaydi. Ulg`ayib qoldimi yoki oilamizga ko`nikdimi, o`tmishini eslamay qo`ydi. Endi u odamovi emasdi, mening sumkamni, dadasining cho`ntagini titkilamasdi. Ishtiyoq bilan raqsga qatnar, darslarini tayyorlardi. Do`stlari ham ko`paydi. Mehribonlik uyida katta jamoaga o`rgangani uchunmi, bolalarning hammasini uyga boshlab kelardi. Biz ham e`tiroz bildirmadik. Axir bir paytlar huvillab yotgan shu uyimiz endi bolalarning kulgisi, qiy-chuviga to`lgandi!

Sevinchni maktabga berishdan oldin xorijda yashaydigan dugonamning taklifiga ko`ra mehmondorchilikka bordik. Kutilmagan voqea o`shanda yuz berdi.

Hayot mo``jizaga boy!

Avvaliga hammasi odatdagidek kechayotgandi. Oftobda toblandik, tabiat qo`ynida dam oldik. Bir kuni sohil bo`yida har doimgidan ko`proq o`tirib qoldik. Men qizim va erimning miriqib o`ynayotganini, kimo`zarga qumdan uycha yasayotganini, bir-birini quvlab yugurishini kuzatib o`tirib, xayolga toldim: «Baxt! Mana u qanaqa bo`ladi! Oddiy, insoniy baxt!» Ota-bolani suratga tushirish uchun nariroqda turgan fotoaapparatga uzangan edim hamki, kutilmaganda boshim aylanib, ko`nglim aynib ketdi. Erim o`sha zahotiyoq «tez yordam» chaqirdi. Oftob urgan degan xayol bilan kelgan shifokorlar meni shifoxonaga olib ketishdi.

Ertasi kuni men yotgan palataga do`xtir kirdi. Qo`lida bir nechta qog`oz. Tahlil natijalarim bo`lsa kerak…

— Nega oftobda buncha ko`p toblanayapsiz? Shu ahvolingizda-ya? — Do`xtirning savoli xayolimni bo`ldi.

— Ahvolimga nima qipti?

— Ie, o`zingiz ham bilmaysizmi? Menimcha, siz homiladorsiz.

— Homiladorman?! — Sakrab o`rnimdan turib ketganimni o`zim ham bilmay qolibman. — Hazillashayapsizmi?! Bo`lishi mumkin emas! Do`xtirlar menga «bolang bo`lmaydi» deyishgan!

— Ishonmasangiz, UZIga boring.

Do`xtir haq bo`lib chiqdi: sakkiz haftalik homilam bor ekan. Shuning uchun o`zimni yomon his qilgan ekanman-da!

Yarim soatdan so`ng erim etib keldi. Xuddi kinolardagidek erimni quchgancha qulog`iga «yaqinda ota bo`lasiz» deyishni orzu qila-qila, bu shunchaki xomxayolligiga o`zimni ishontirib bo`lgandim. Endi esa… hali o`zim ham ishonolmayotgan yangilikni qanday aytishni bilmay dovdirardim. Yuzlarimni yuvayotgan ko`z yoshlarim esa erimning bir xavotiriga ming xavotir qo`shar, homiladorligim haqidagi yangilik xayoliga ham kelmasdi. Ohista qadamlar bilan erimga yaqinlashdim-u, bag`riga bosh qo`ydim. U yig`idan silkingan elkamdan tutgancha meni ovutishga urinar, nima gapligini surishtirardi. Men esa necha yillar oldin yuragimning tub-tubiga ko`mib qo`ygan orzum ushalayotganiga ishonolmasdim. «Yaqinda ota bo`lasiz!» Kinolardagidek erimning qulog`iga shunday deya shivirlaganimda erimning shuncha yildan beri biror marta ham ko`rmagan ko`z yoshlariga guvoh bo`ldim. Men shu xushxabarni aytish uchun qanchalar kun sanagan bo`lsam, u ham eshitishga shunchalar mushtoq bo`lgan ekan. Er-xotin bir-birimizni mahkam quchgancha tinmay yig`lardik. Bu quvonch yoshlari edi!

Kechqurun uyga ketishim uchun ruxsat tegdi. Bayramona dasturxon bezadik. Ovqat mahali Sevinchga tantanavor qilib yangilikni ma`lum qildik:

— Qizim, sen yaqinda opa bo`lasan! Ukang yoki singling bo`ladi endi!

Lekin bu qizimizga o`zgacha ta`sir qildi: u birdan likopchasini nari surib, o`rnidan turdi:

— Boshqa emayman. Boshim og`riyapti… Uxlagani ketdim…

Ortidan bormoqchi bo`lgandim, erim qo`limdan tutib qoldi:

— Qo`yaver, shunchaki qizg`anayapti. Asabiylashma.

Lekin bir-ikki soatdan keyin ikkovimiz ham asabiylashdik: Sevinch g`oyib bo`ldi. Izlamagan joyimiz qolmadi.

— Besh yashar qizchaga ko`zingiz tushmadimi? Sochlari qop-qora, jingalak, — o`tgan-ketgandan uni surishtira boshladik. Biroq hech kim «ko`rdim» demasdi. Oxiri erim qidiruvga qutqaruvchilarni jalb qildi.

Izlay-izlay, uch soat deganda topdik. Ma`lum bo`ldiki, shuncha vaqt u tom ustida o`tirgan ekan. Qandaydir tuynukcha orqali, o`sha erga chiqib olibdi.

— Qanaqa onasiz o`zi?! Nega bolani qarovsiz qoldirasiz? — qutqaruvchilardan biri meni ayblay ketdi. — Tushib ketganida nima bo`lardi?!

«Sen — bizning baxtimizsan!»

— Oyim aybdor emas! — kutilmaganda Sevinch meni himoya qilishga tushib ketdi. — Hammasiga o`zim aybdorman… Chaqaloq tug`ilsa, meni mehribonlik uyiga qaytarib yuborishadi, deb qo`rqqandim.

Kechasi bilan qizim ikkimiz «sirlashib» chiqdik. U menga ota-onasi, bolalik xotiralari haqida so`zlab berdi. Qizalog`imning murg`ak qalbida shuncha dard bor ekanki, shu paytgacha bularning barini mitti yuragida qanday saqlab yurganidan hayratga tushdim. Ayni damda go`yo murg`ak bola emas, o`zim tengi dugonam bilan sirlashayotganday his etardim o`zimni. Dard uni ulg`aytirib qo`yganday edi. Men ham unga shuncha yil farzandim bo`lishini qanchalik xohlaganimni, bu dard meni qancha qiynaganini gapirib berdim:

— Agar sen bo`lmaganingda, otang ikkimiz bir umr baxtsiz va yolg`iz yashardik. Sen uyimizga baxt olib kelding, qizim!

Bu sirlashuv ikkimiz uchun ham foydali bo`ldi. Shundan so`ng Sevinch ikkimiz yanayam yaqinlashib ketdik. Bir yil o`tgach esa dugonamnikiga Sevinch jonidan ortiq ko`radigan o`g`limiz — mitti Odilbekni ham olib bordik.

Nilufar yozib oldi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1