O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rasmiy tashrif bilan Qohira shahriga keldi.
Misr poytaxtining xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarining tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat bayroqlari ko`tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
O`zbekiston etakchisini Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi kutib oldi va samimiy qutladi. Davlat rahbarlarining qisqa uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Bugun davlatimiz rahbari Qohirada buyuk alloma bobomiz Ahmad Farg`oniy tomonidan barpo etilgan “Miqyosi Nil” inshootiga tashrif buyuradi va Misr sivilizasiyasi milliy muzeyi bilan tanishadi. Ushbu mamlakat etakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o`tkaziladi.
Tashrifning asosiy tadbirlari, shu jumladan oliy darajadagi muzokaralar ertaga, 21 fevral kuniga mo`ljallangan.