O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Boku shahriga kelgach, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev bilan uchrashuv o`tkazdi.
Ozarbayjon etakchisi ertaga, 2 mart kuni mamlakat poytaxtida bo`lib o`tadigan Qo`shilmaslik harakati sammitini qo`llab-quvvatlagani va unda shaxsan ishtirok etayotgani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoev, o`z navbatida, Ozarbayjon ushbu tuzilmaga samarali raislik qilayotganini alohida ta`kidladi.
Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini batafsil ko`rib chiqdilar. Tizimli va samarali muloqotlar tufayli O`zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko`tarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O`tgan yili ikki mamlakat o`rtasidagi tovar ayirboshlash 50 foizdan ziyodga oshdi. Avtomobilsozlik, to`qimachilik sanoati va ipakchilik kabi ustuvor tarmoqlardagi kooperasiya loyihalari faol pallaga kirdi. Neft-gaz, transport va logistika sohalarida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.
Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida o`tgan birinchi Hududlar forumi doirasida qo`shma Investisiya fondini tashkil etish to`g`risida bitim imzolandi.
Mamlakatlarimiz erkin iqtisodiy zonalarni va soliq ma`muriyatchiligi tizimini rivojlantirish borasida o`zaro tajriba almashishdan manfaatdorligi ta`kidlandi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilib, bo`lajak tadbirlar rejasini ko`rib chiqdilar.
Uchrashuv har doimgidek ochiq, samimiy va do`stona muhitda o`tdi.