AsosiyJamiyat

Tibbiyot xodimining faoliyatiga to`sqinlik qilganlarni 15 sutkagacha qamoqqa olish belgilanmoqda

'Tibbiyot xodimining faoliyatiga to`sqinlik qilganlarni 15 sutkagacha qamoqqa olish belgilanmoqda'ning rasmi

Bugun Senatning o`ttiz ettinchi yalpi majlisida “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Senatorlar tomonidan so`nggi vaqtlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari ko`payib borayotganligi, bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sog`lig`i yomonlashishida yoki o`limida asossiz ravishda ayblash, shuningdek, hech bir sababsiz shifokorlarga va o`rta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari yuz berayotganligi qayd etildi.

Qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolarga echim topish maqsad qilingan.

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta`sir o`tkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Bunda ushbu noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan etti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa etti baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o`n besh sutkagacha ma`muriy qamoqqa olish jazosi kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 197-7-moddasida tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta`sir o`tkazganlik haqidagi ishlarni ko`rib chiqish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 305-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni ko`rib chiqish muddati uch sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda.

Senatorlarning ta`kidlashicha, ushbu Qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilib, ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini oladi. Shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga o`z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko`rsatilishiga xizmat qiladi.

 

    Boshqa yangiliklar