Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta`minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag`batlantiradi.
Davlat yoshlarning ma`naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta`lim olishga, sog`lig`ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo`lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Bu yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga kiritilgan asosiy o`zgarishlardan biri. Xo`sh, Yangi Konistitusiya loyihasiga bunday bandning qo`shilishiga nima sabab bo`ldi.
O`zbekiston – yoshlar mamlakati, unda 30 yoshgacha bo`lgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod. Aholining qariyb 55 foizini tashkil etgan ulkan qatlam O`zbekistonda har doim davlatning e`tiborida bo`lgan.
Bu borada 2017 yilda tub burilish yuz berdi. O`zbekiston Yoshlar ittifoqi tuzildi, 2020 yilda Yoshlar ishlari agentligining tashkil etilishi O`zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishni yangi bosqichga olib chiqdi.
30 iyun mamlakatimizda "Yoshlar kuni” deb belgilandi, yoshlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha manzilli va tizimli ishlar yo`lga qo`yildi. Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tashkil qilindi. Hududlarda "Loyihalar fabrikasi" ish boshladi.
O`tgan davr ichida yoshlarni qo`llab-quvvatlashga oid bir nechta qonun, o`nlab farmon va qarorlar qabul qilindi. Yoshlarni qo`llab-quvvatlash tizimini tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish maqsadida 2021 yil mamlakatimizda "Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e`lon qilindi.
Yoshlar bandligini ta`minlash maqsadida so`nggi ikki yilda 281 ming nafar yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 6 trillion 992 milliard so`m imtiyozli kreditlar yo`naltirildi.
Dehqonchilik bilan shug`ullanish istagida bo`lgan 184 ming yoshga 2022 yilda 42,5 ming gektar er maydoni ajratilib, 200 mingdan ortiq yangi ish o`rinlari yaratildi.
Yoshlarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashning butunlay yangi tizimi bo`lgan “Yoshlar daftari” orqali 800 mingdan ortiq yigit-qizlarning muammolarini hal etishga 1 trln 112 milliard so`m yo`naltirildi.
Jumladan, 83 ming nafar yoshlarga asbob-uskuna va mehnat qurollari uchun 243 mlrd so`m, 68 ming nafar ehtiyojmand talabalarning kontrakt to`lovi uchun 223 mlrd so`m, 12 ming nafar yoshlarga zamonaviy kasb o`rganishi uchun 20 mlrd so`m, 21,4 ming nafar yoshlarni haydovchilikka o`qitish uchun 28 mlrd so`m, 17 ming nafar yoshlarga muddatli harbiy xizmat badali uchun 78 mlrd so`m to`lab berildi.
Ushbu tizimli ishlarni amalga oshirish uchun bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo`lib, ularni umumlashtiruvchi konstitusiyaviy normaga ehtiyoj sezilmoqda. Bu bilan davlat tegishli shart-sharoitlarni yaratish bo`yicha majburiyat olmoqda, chunki mazkur normalar yoshlarni qo`llab quvvatlashga qaratilgan harakatlarning yanada samarali bo`lishi uchun muhimdir.
Xulosa qilib aytganda, Konstitusiya nafaqat bugungi kun, balki kelajak uchun muhim, Yangi O`zbekistonni barpo etishda poydevor bo`ladi deb ko`p bora aytilmoqda. Unda nega asosiy qonunimizda yoshlarga doir alohida modda yo`q, degan savol juda ham o`rinli bo`lib qolayotgan edi. Ëshlarni qo`llab-quvvatlash siyosatining muhim huquqiy asosi sifatida Konstitusiyaga tegishli modda aks etmoqda.
Kiritilayotgan normalar davlatning yoshlar oldidagi mas`uliyatini yanada kuchaytiradi, yangi loyihalar, yangi vazifalarni amalga oshirish uchun asos va turtki bo`ladi.






