Bahor faslida ob-havoning tez o`zgarishi sababli ba`zi insonlarda bodomsimon bezlar yallig`lanishi ko`p kuzatiladi. Hatto ayrimlar bu xastalik bilan bir umr kurashadi. Ko`rinishidan oddiy ko`ringan ushbu kasallikni o`z vaqtida davolamaslik, tanada, xususan, yurakda jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Xo`sh, ushbu kasallik qanday kelib chiqadi? Uni davolash choralari qanday?
Mazkur savollarga oliy toifali shifokor Shoira Abdusattarova javob beradi.
— Bodomsimon bezlar yallig`lanishi (angina) yuqumli kasallik bo`lib, erta bahor payti ko`p kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — Bu esa yozi iliq va qishi sovuq bo`lgan mintaqalar uchun o`ziga xos xususiyat hisoblanadi.
Ya`ni bahorning nam, shamol va tez o`zgaruvchan havosida organizm turli infeksiyalarga nimjon bo`ladi. Uni asosan og`iz bo`shlig`i yoki tashqaridan tushgan turli mikroblar chaqirishi mumkin.
Bular:
- viruslar;
- bakterial infeksiyalar.
Kuchli tomoq og`rig`i, qurishi, yuqori tana harorati xastalik belgilaridir.
Bodomsimon bezlar yallig`lanishi asoratlari bilan xavfli hisoblanadi. Unga o`z vaqtida e`tibor bermaslik yurak, buyrak va bo`g`imlarda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Yaqin yillargacha anginadan faqat uni olib tashlash orqaligina qutilish mumkin, deb hisoblanardi. Biroq bugunga kelib konservativ davolash usullari orqali ham bu kasallikdan xalos bo`lish mumkin. Biroq xastalik surunkali tusga kirsa, ya`ni:
- kuchli yiringlash, og`riq, yuqori isitma kuzatilsa;
- har 3-6 haftada, yiliga 7 martadan ko`p qaytalansa;
- yiringli jarayonlar rivojlansa;
- bezlar kattalashib, nafas olish qiyinlashsa;
- konservativ davo samara bermasa;
- yurak, buyrak va bo`g`imlarda asoratlar kuzatilsa, anginani jarrohlik yo`li bilan olib tashlash tavsiya etiladi.