Evropa va Markaziy Osiyoda so`nggi ikki yilda bolalarning ahvoli yomonlashmoqda, bu o`z joniga qasd qilish holatlarining ko`payishi, havo sifatining yomonlashuvi va aholi o`rtasida tengsizlikning kuchayishida namoyon bo`lyapti. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasi (YuNISEF) hisobotiga tayanib, Anadolu xabar berdi.
Yangi hisobotda global pandemiya, tabiiy ofatlar va mojarolar ushbu muammolarni kuchaytirib, sog`liqni saqlash va ta`lim olishda tengsizlikka olib kelgani ko`rsatilgan.
«Mintaqadagi yana bir muammo - bu maktab-internatlar va boshpanalarda yashovchi bolalarning dunyoda eng yuqori ko`rsatkichidir. Shu bilan birga, ushbu muassasalarda nogironligi bo`lgan, nosog`lom oilalardan bo`lgan qizlar va o`g`il bolalar ko`p. Tibbiyotga kelsak, umuman olganda, Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari chaqaloqlar va bolalar o`limi bo`yicha dunyoda eng past ko`rsatkichlarga ega. Ammo mintaqaning ba`zi hududlarida 5 yoshgacha bo`lgan bolalar o`limi dunyo bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan yuqori. Va bu o`limlarning yarmidan ko`pi oldini olish va davolash mumkin bo`lgan kasalliklar bilan bog`liq», deyiladi hujjatda.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi bolalarning muntazam emlanishini jiddiy ravishda buzgan, mintaqadagi mamlakatlarning 95 foizi emlash qamrovi kamaygani haqida xabar bergan.
«Pandemiya, shuningdek, bolalarning hissiy va ruhiy farovonligiga ta`sir qildi, Evropa va Markaziy Osiyoda o`z joniga qasd qilishlar soni sezilarli darajada oshdi», deyiladi hisobotda.
Evropa va Markaziy Osiyodagi har besh boladan to`rttasi me`yordan ortiq ifloslangan havodan nafas olayotgani aniqlangan.
YuNISEF mintaqa davlatlarini qashshoqlik va izolyasiya xavfi ostidagi bolalari bor oilalarni ishonchli ijtimoiy qo`llab-quvvatlash tizimlarini joriy etishga chaqirmoqda.