1

“Oltin davrim” turkumidan: Oliftaning qichqirig`i

Mutolaa 30.09.2016, 12:52
“Oltin davrim” turkumidan: Oliftaning qichqirig`i

Talabalik baribir boshqacha davr. Nafaqat tahsil olayotgan yigit-qiz, balki ularning atrofidagilar uchun ham juda qiziq. Mana, buning isboti...

Amakivachchamiz Toshkentda o`qirdi. Uchinchi yo to`rtinchi kursligida bo`lsa kerak, besh-olti nafar do`stlari bilan qishloqqa keldi. Men esa u payti maktab o`quvchisi edim. Havas bilan ularning yoniga bordim. Ziyofat juda quyuq bo`layapti. Kursdoshlarning sof adabiy tilda gapirishlari meni — yo`qni “jo`q”, yuramizni “juramiz” deb aytadigan qishloq bolasini juda (“yuda” desam to`g`ri kelmas) hayratga soldi. 

Bir payt talabalarning cho`milgisi kelib qolsa, deng. Qishlog`imizdan o`tadigan kanalga bordik. Talabalarni kanalning chuqur qilib kovlangan joyiga olib bordim. Yozning boshlanishi edi, suv tanaga huzur bag`ishlaydigan payt. Qishlog`imiz bolalari miriqib cho`milishmoqda. Birinchi bo`lib o`zim suvga kalla tashladim. Keyin mehmonlar ham birin-ketin o`zlarini suvga otishdi. 

Suv bor joyda ilon albatta bo`ladi. Lekin suv ilonlaridan qo`rqmasa ham bo`ladi. Ammo shaharda yurgan akalarimizga buni tushuntirishning mavridi emas edi. Xullas, ular maza qilib cho`milayotganda suv yuzida uzun sariq ilon ko`rindi. 

Talabalardan biri: “Qaranglar ilon, ilon” deb beparvo ohangda gapirdi. Jonivor esa xuddi bu gapni eshitgandek o`sha student tomonga qarab burildi. Shunda boyagi talaba akamiz jon achchig`ida baqirib qoldi-ku: 

— Voy enajon, o`laman, jilon kelayapti, jilon!

Uning dodlaganiga qishloqdoshlarim rosa kulishdi. Chunki u cho`milishdan oldin bizdek qishloq bolalari oldida o`zini juda olifta ko`rsatib turgandi-da. Ilon esa uning asl shevasi qanaqa ekanligini “eslatib” qo`ydi.


XO`ROZ “OPERASIYa”SI
Kursdoshimiz Anvar uylanadigan bo`lib qoldi. Bordik. Yigitlar endi to`yxonaga yaqinlashgandik, bir o`rtog`imizning qo`l telefoni jiringladi. 

— Men ketdim do`stlar, ko`rishamiz, — dedi u telefonda gaplashib bo`lgach va tezda taksiga o`tirib jo`nadi. Biz hayron. Oradan bir soatcha vaqt o`tdi. Haligi jo`ramiz farzandli bo`lganini aytdi. Ertasiga ota bo`lgan kursdoshimizni tabriklagani o`tdik. Tag`in tug`ruqxonaga. Qarasak, o`rtog`imizning otasi ham bitta xo`rozni qo`ltiqqa qisib, qishloqdan kelyapti. “Kelinga sho`rva qilib beraman”, deganda. Aksiga olib tug`ruqxona hovlisiga xo`roz bilan kiritishmasa deng. Darrov yo`lini topdik. Xo`rozni daraxtga bog`lab, ichkariga kirdik, chaqaloqni ko`rdik, kelinni tabrikladik. So`ng chiqib, ne ko`z bilan ko`raylikki, xo`rozimiz yo`q. Atay qishloqdan olib kelgan nevara va keliniga ilinib xo`roz ko`tarib kelgan do`stimizning otasi esa sir boy bermaslikka harakat qiladi. 

Biz hayron. Bunday paytlarda miyam juda tez ishlab ketadi. Bu gal ham shunday bo`ldi. Mister Binga o`xshab atrofga sinchkov nazar tashladim. Sal nariroqda besh-olti nafar kishi sement qoriyotgan edi. Shularga yaqinlashdim-u, atayin qo`l telefonimni qulog`imga tutib, hech kimga telefon qilmasam ham baland-baland ovozda shunday dedim:

— O`rtoq nachalnik, shahringizga kelib sharmanda bo`ldik. Falonchi tug`ruqxonada kelinimizni ko`rgani kattagina xo`roz olib keluvdik. Shuni o`g`irlab ketishibdi. Juda uyatli ish bo`ldi. Qayoqqqa qarayapsiz? O`n daqiqada etib keling va shu atrofdagi odamlarni so`roqqa tuting, uylarni tekshirib chiqing. 

Men “jahl” bilan shahar “katta”siga o`shqirayotganimda, ustalar bir-biriga ma`nodor qarab-qarab qo`yishdi.

Telefonda “gaplashib” bo`lgach, barchaga eshittirib dedim:

— Ketdik, magazinga borib kelaylik! 

Oradan yarim soat o`tib qaytib kelsak, jonivor boya bog`lab ketgan joyimizda turibdi-da. 

Ana shunaqa, talabalar o`ziga juda pishiq bo`ladi.

Maqsud JONIXONOV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1