Kecha, 19 mart kuni Qozog`iston parlamentining quyi palatasi Majlis hamda mahalliy kengash maslihat deputatligiga navbatdan tashqari saylov o`tkazildi.
Respublikada jami 10 223 ta hamda 77 ta xorijiy davlatda 62 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan. Ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 7:00 da hamda 92 ta saylov uchastkasida hududiy komissiyalar tomonidan qabul qilingan qarorlarga asosan soat 6:00 da ochildi.
Qozog`iston Respublikasi hududidagi vaqt zonalari chegaralariga muvofiq, 5 ta viloyat: Aqto`be, Atirau, G`arbiy Qozog`iston, Qizilo`rda va Mang`istau viloyatlari uchastkalari poytaxt vaqti bilan soat 08:00 da ovoz berish boshlandi.
Qozog`iston mahalliy vaqti bilan soat 16:00 holatiga 12 032 550 nafar ovoz beruvchidan, 6 254 837 nafari ya`ni 51,98 foizi saylovda ishtirok etdi.
Demokratiya tadqiqot instituti assosiasiyasi ma`lumotlariga ko`ra, saylovda o`z nomzodlarini ilgari surgan 7 ta partiya quyidagicha ovozlarni yiqqan:
- «Amanat» partiyasi – 53,46 foiz;
- «Ovul» partiyasi – 10,52 foiz;
- «Respublika» partiyasi – 8,9 foiz;
- «Oq yo`l» partiyasi – 7,87 foiz;
- «Qozog`iston xalq partiyasi» – 6,25 foiz;
- «Milliy sosial-demokratik partiyasi» – 5,31 foiz;
- «Baytak» partiyasi – 3,22 foiz.