1

O`zbekistonda “Tez yordam” mashinalari harakati sun`iy yo`ldosh orqali monitoring qilib boriladi

Salomatlik 20.03.2023, 17:40
O`zbekistonda “Tez yordam” mashinalari harakati sun`iy yo`ldosh orqali monitoring qilib boriladi

“103” xizmati faoliyatini takomillashtirish, sohani malakali kadrlar bilan ta`minlash borasidagi ijobiy o`zgarishlar yurtimizda aholiga xalqaro andozalarga mos tarzda tez tibbiy yordam ko`rsatish imkonini bermoqda.

 Birgina misol. Bugungi kunda “Tez yordam”da bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag` 16 barobardan ziyodga ortib, o`rtacha 8000 so`mni tashkil qilmoqda. Vaholanki, bu mablag` 2016 yil o`rtacha 500 so`m edi.

Shuningdek, bundan 7 yil avval yurtimizda atigi 818 ta “Tez yordam” shoxobchasi faoliyat yuritgan bo`lsa, ayni paytda ular soni 1455 taga etdi. Qolaversa, bugunga kelib, “103” brigadalari jami 2755 tani tashkil qilmoqda. Vaholanki, bu raqam ham 2016 yilda 1648 ta edi.

Yana bir gap. Bundan 6-7 yil avval yurtimiz tez tibbiy yordam tizimida 1868 ta avtomashina bor edi. Bugun esa 2865 ta avtomobil aholiga sifatli xizmat ko`rsatyapti. Shuningdek, maxsus avtomashinalar parki 60-70 foizga yangilandi. Foydalanilayotganiga 8 yildan oshgan avtotransport vositalarini zamonaviylariga almashtirish ishlari esa bosqichma-bosqich davom ettirilyapti.

Qolaversa, 7 yilda “Tez yordam”da reanimobillar soni 24 tadan 500 taga ko`paydi. Jumladan, joriy yil Respublika tez tibbiy yordam markazi “Jizzakh Auto” tomonidan ishlab chiqarilgan 337 ta “Volkswagen Caddy” mashinalari bilan bilan boyidi.

Bundan tashqari, oxirgi yillarda "103" brigadalari dislokasiyasi qayta ko`rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirildi. Natijada o`tgan 6 yil davomida xizmat ko`rsatish radiusi o`rtacha 13-15 kilometrdan 5-6 kilometrga qisqardi.

 “103” raqami markazlashtirilishi hamda muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik xizmati — “Call markaz”lar tashkil etilishi orqali esa “Tez yordam”ning kechikishi 40 foizdan 20 foizgacha kamaydi.

Eng muhimi, sohadagi islohotlar 2023 yilda ham izchil davom ettiriladi. Jumladan, tizimdagi eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko`riladi.

Unga ko`ra:

Aholiga yanada sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish maqsadida “Tez yordam” uchun yana 1000 dona A toifali zamonaviy avtomashina xarid qilinishi ko`zda tutilgan. Ushbu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki loyihasi asosida kredit mablag`lari ajratilgan. Bu orqali tizimdagi “Damas” avtomobillari to`liq yangilanadi.

Shuningdek, olis va chekka hududlar, tog`li va cho`l mintaqalarida ushbu sohani rivojlantirish, tizim xodimlarining xizmat ko`rsatish imkoniyatini oshirish maqsadida maxsus yo`ltanlamas avtomobillar olib kelinadi.

Yana bir yangilik. Joriy yil “103” xizmatida yagona Call-markaz tashkil qilinadi. Sohada kompleks axborot tizimlarini joriy etish maqsadida ularda yagona intellektual chaqiruv platformasi yaratiladi. Shu bilan birga, xizmat avtotransportlari uchun GPS yordamida sun`iy yo`ldosh monitoringi tizimi yo`lga qo`yilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1