Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan ro`zadorlar uchun sog`lom ovqatlanish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalarga amal qilib, ortiqcha vazndan xalos bo`lish, qon bosimi va organizmdagi xolesterin miqdorini pasaytirishga erishish mumkin. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan:
- kunduzi havo harorati yuqori bo`lgan paytda salqin va soya joylarda qolish hamda quyoshda uzoq yurmaslik tavsiya etiladi;
- iftorlik va saharlik oralig`ida ko`p miqdorda suv ichish maqsadga muvofiq, chunki kunduzi havo harorati yuqori bo`lishi ko`p ter ajralishiga sabab bo`ladi.
Shu bois kun davomida yo`qotilgan suyuqlik o`rnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa kamida 10 stakan suv ichish tavsiya etiladi.
Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu me`yorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin dessert sifatida ho`l mevalardan eyish foydali.
“Achiq-chuchuk” salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv ne`matlar hisoblanadi.
Sho`rva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham iste`mol qilish mumkin.
Tarkibida kofein mavjud bo`lgan kofe, choy, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan ma`qul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishi (degidrasiya)ga olib keladi.
Shuningdek, gazlangan shakarli ichimliklar kaloriyaga boy bo`lishini esdan chiqarmaslik zarur.
Kun davomida juda ko`p harakat qilish organizmning ko`p miqdorda suv yo`qotishiga olib keladi. Qisqa muddatli sayr yoki chigalyozdi mashqlari sizni tonusda ushlab turishi mumkin. Ammo kun bo`yi harakatsiz o`tirish ham tavsiya qilinmaydi.






