O`zbekistonda aholi punktidan tashqaridagi yo`llarda qoidabuzarlikni aniqlashda drondan foydalanish yo`lga qo`yilishi kutilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining "Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatida yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qaror loyihasi muhokamalar portaligi joylashtirildi.
Unda 2023 yil 1 oktyabr kuniga qadar aholi yashash punktlaridan tashqaridagi yo`llarda qoidabuzarlik yoki hodisalarni, qidiruvdagi transport vositasini aniqlash, zarur choralarni ko`rish hamda yordam ko`rsatishda tezkorlikka erishish maqsadida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish hamda ularni saqlash bo`yicha ilg`or xorij tajribasini o`rganib chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish nazarda tutilgan.
Taklif Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda kiritiladi.