1

Koreyadagi xorijlik talabalar o`rtasida o`zbekistonliklar son jihatdan uchinchi o`rinda turadi — Koreya ta`lim vaziri

Jamiyat 27.03.2023, 14:52
Koreyadagi xorijlik talabalar o`rtasida o`zbekistonliklar son jihatdan uchinchi o`rinda turadi — Koreya ta`lim vaziri

Bugun Toshkentda O`zbekiston va Koreya oliy ta`lim muassasalari rektorlari forumi o`z ishini boshladi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" jurnalisti. 

Forumda 100 dan ortiq oliy ta`lim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar mas`ullari ishtirok etmoqda.

Qayd etilishicha, ikki davlat ta`lim sohasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o`taydigan forum universitetlar innovasiyasi va to`rtinchi sanoat inqilobi davrida iqtisodiy o`sishni ta`minlash uchun ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlikni yo`lga qo`yishga bag`ishlanadi. 

"Koreya Respublikasi bilan oliy ta`lim sohasidagi aloqalarimiz avvallari asosan koreys o`rganish bilan bog`liq bo`lgan bo`lsa, hozirda Janubiy Koreyaning etakchi universitetlari bilan ta`lim va ilmiy hamkorlikning boshqa ko`plab yo`nalishlari bo`yicha aloqalar o`rnatildi. Xususan, texnik va muhandislik fanlari, axborot, raqamlashtirish va sanoat texnologiyalariga, jumladan, “yashil texnologiyalar” yo`nalishlariga ixtisoslashgan Inxa, Adju, Puchon va Koreya xalqaro universitetlari filiallari O`zbekistonda faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari,  Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) turli texnik yordamdasturlari doirasida O`zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreya universitetlarida magistraturada o`qitish uchun stipendiyalar ajratmoqda. O`qituvchi va mutaxassislar uchun KOICA tomonidan Janubiy Koreya sezilarli yutuqlarga erishgan turli sohalarda tashkil etilgan seminar va o`quv kurslari, ayniqsa, yangi sanoat texnologiyalari, axborot va kompyuter tizimlari, tibbiyot va tibbiy ta`lim va boshqa ko`plab sohalarni rivojlantirishda Koreya tajribasi va bilimlarini o`rganish muhimdir", - dedi Forumni ochib bergan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov

Koreya Bosh vaziri o`rinbosari, Ta`lim vaziri Ju-Xo O`zbekiston va Koreyada ta`lim olayotgan ikki davlat talabalari soni bugun yanada ortganini bildirdi. 

"Mamlakatlarimiz o`rtasida 1992 yilda diplomatik aloqalar o`rnatilgandan buyon ikki davlat o`rtasida turli sohalarda, jumladan iqtisodiy, ijtimoiy va kadrlar almashunivida hamkorligimiz kengayib bormoqda. Ma`lumki, Koreyaning turli universitetlari O`zbekistonda o`z faoliyatini olib borishmoqda.  

Bugun Koreya Respublikasi oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar o`rtasida o`zbekistonlik talabalar son jihatdan uchinchi o`rinda turadi. O`zbekistonda ta`lim olayotgan koreyalik talabalar soni ham yil sayin ortib bormoqda.  

Koreya Respublikasi Ta`lim vazirligi huzuridagi universitetlar o`z tajribasini dunyo mamlakatlariga ulashib, xususan iqtidorli talabalarni jalb qilish maqsadida hamkorlik qilib borishmoqda. O`zbekiston hukumatidan ushbu masalaga doimiy e`tibor qaratib qo`llab-quvvatlab borishingizni so`rab qolamiz", - dedi Koreya ta`lim vaziri.

Forum davomida universitet rektorlari o`zaro axborot almashish, tajriba o`rganish, mahorat darslari va seminarlar o`tkazish, qo`shma ma`ruzalar o`qish bo`yicha qo`shma dasturlar yaratish, qo`shma ilmiy loyihalarni tashkil etish imkoniyatiga ega bo`ladilar. Xalqaro  forum yakunida qator hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda. Bitimlar asosan ikki mamlakat oliy ta`lim muassasalari o`rtasida to`g`ridan to`g`ri aloqalarni yo`lga qo`yishga qaratiladi. 

Shuningdek, forum doirasida mehmonlar poytaxtimizdagi bir qator oliy ta`lim muassasalari, texnoparklar bilan tanishishlari hamda Samarqand shahriga ham tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1