AsosiyJinoyat

Andijonda o`quvchilarini AQShga o`qishga yuborishni va`da qilgan markaz rahbari qamaldi

'Andijonda o`quvchilarini AQShga o`qishga yuborishni va`da qilgan markaz rahbari qamaldi'ning rasmi

Andijonda AQShga o`qishga yuborishni va`da qilib, ikki nafar o`quvchini 100 million so`mga chuv tushirgan til o`rgatish markazi rahbari qamaldi. Bu haqda Oliy Sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, Andijon viloyati Baliqchi tumanida chet tillarini o`rgatishga ixtisoslashgan xususiy o`quv markazi rahbari N.T. (ayol kishi) AQShdagi “Jacksonville” universitetiga o`qishga kiritishni va`da qilib, o`quvchilarning 100 million so`mga yaqin mablag`ini qo`lga kiritgan.

U o`zining o`quv markazida ingliz tilini o`rganayotgan ikki nafar 11-sinf bitiruvchisini AQSh universitetiga hujjat topshirishga qiziqtirgan. N.T. avvaliga o`quvchilardan birining xarajatlari uchun 980 dollar, o`qish oldidan o`tkaziladigan tibbiy ko`rik xarajatlari uchun 1172, universitet kontrakt shartnomasiga deya 2200 dollar olgan. Shu bilan kifoyalanmasdan elchixonadan viza olish, universitet yotoqxonasiga to`lov qilish, samolyotga oldindan aviachipta xarid qilish bahonasida yana katta miqdordagi pullarni aldov yo`li bilan qo`lga kiritadi. Shu tarzda M.A. hamda uning ota-onasini jami 82 million 446 ming 600 so`mga chuv tushirib, pullarning hammasini shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Markaz rahbari yana bir til o`rganuvchisi A.A.ni ham va`dalariga ishontirib, uning 13 million 239 ming so`m mablag`ini o`zlashtiradi.

N.T.ning “Sakkiz oydan so`ng AQShga uchib ketasizlar”, degan yolg`onlariga ishonib, natija bo`lmasligini tushungan jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilgan.

Mazkur holat jinoyat ishlari bo`yicha Baliqchi tumani sudi raisi tomonidan ko`rib chiqilib, N.T. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “a”, “b” bandlari va 28, 211-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni undirish haqidagi to`xtamga kelingan.

Sud hukmi bilan N.T.ning qaramog`idagi uch nafar voyaga etmagan farzandi sudlanuvchining onasi vasiyligiga topshirilgan.

    Boshqa yangiliklar