AsosiyJamiyat

“Open budjet” mashmashasi: Oqqo`rg`onda sim-karta sotib olish uchun o`quvchilardan pul so`ragan maktab direktori ishdan haydaldi (video)

'“Open budjet” mashmashasi: Oqqo`rg`onda sim-karta sotib olish uchun o`quvchilardan pul so`ragan maktab direktori ishdan haydaldi (video)'ning rasmi

Avvalroq, Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumani "Boyg`uli" MFY hududida joylashgan 17-sonli maktabda Open Budget'da ovoz yig`ish uchun o`quvchilardan pul yig`ilayotgani haqida video tarqaldi. 

Holatga viloyat hokimligi munosabat bildirdi.

Mazkur holat viloyat hokimining topshirig`iga ko`ra, maxsus ishchi guruh tomonidan o`rganildi. O`quvchilarni Open Budget'ga ovoz yig`ish uchun jalb qilish bo`yicha topshiriq maktab direktori tomonidan berilgani aniqlandi.

Qayd etilishicha, vaziyat mazkur maktabning filialida sodir bo`lgan. Filialda 45 nafar boshlang`ich sinf o`quvchisi tahsil oladi. O`quvchilarni kampaniyaga jalb qilgan sinf rahbarlariga intizomiy jazo berildi, maktab direktori L.Usmanova egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Maktab filiali yaqinda ta`mirdan chiqarilgan bo`lib, zarur jihozlar bilan ta`minlangan. Maktab jamoasi o`z tashabbusi bilan Open Budget kampaniyasida qo`shimcha elektron doska, kompyuter jihozlari olish uchun ishtirok etgan. So`ralgan mablag` miqdori – 300 million so`m.

"Toshkent viloyati hokimi, viloyat Ta`lim kengashi raisi Zoyir Mirzaev tegishli mutasaddilarga ushbu jihozlarga ehtiyoj haqiqatda mavjudligini o`rganish, shundan so`ng, mahalliy byudjet hisobidan maktabni so`ralgan jihozlar bilan ta`minlash bo`yicha ko`rsatma berdi", - deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar