AsosiySalomatlik
146028

Uy sharoitida allergiyaga qarshi kurashamiz!

Bugungi tavsiyalarni tibbiyot fanlari nomzodi Karima INOMOVA beradi.

Qichitqi o`t qichitmaydi

Allergik holatlarda qichitqi o`t (krapiva) tindirmasi foyda beradi. Bir osh qoshiq yangi qichitqi o`t (yoki qurug`ining) gulini bir stakan qaynoq suvga soling. Qalin matoga o`rang, yarim soatcha tursin. Keyin dokada suzib, kuniga 4-5 mahal yarim stakandan yoki 3 mahal bir stakandan iliq holida ichasiz. Damlama har gal yangidan tayyorlanadi. Bu shifobaxsh bo`lib, badandagi qichishishlarni yo`qotadi, allergenlardan sizni himoyalaydi.

Unutmangki, allergiyaga moyilligingiz bo`lsa, allergen mahsulotlar (masalan baliq, ikra, qisqichbaqa, sitrus mevalar, qizil rangdagi rezavorlar, asal, shokolad, qahva singarilar)ni iste`mol qilmay turganingiz ma`qul. Shuningdek, ari, asalari va qovog`ari chaqishidan o`zingizni ehtiyotlang. Qanotli hasharotlarni jalb qiladigan o`tkir hidli atirlar sepmang. Har bir dorini qo`llashdan avval allergolog-shifokor bilan maslahatlashing.

Yong`oq eshakemga qarshi

Gohida ovqat (masalan, el hosil qiluvchi mosh va dukkaklilar, shuningdek, sintetik holda tayyorlangan, o`ta yog`li, achchiq va sho`r eguliklar) yoqmaganda badanga eshakem toshadi. Qadimgi tabiblar xastalikni yong`oq moyi yordamida davolashgan. Eshakem toshib, qichishgan joylarga bir necha kun shu moydan surtib, ustidan ipak mato bilan bog`lab qo`yiladi.

Yong`oq moyini uy sharoitida tayyorlash mumkin. Buning uchun yong`oq mag`zini yaxshilab qizdirib, hovoncha yoki go`shtqiymalagichda maydalang. Sun`iy toladan tayyorlangan mato (kapron) ichini maydalangan yong`oq bilan to`ldiring (chunki u yog`ni shimib olmaydi. Shuning uchun bu turdagi eski paypoqlaringizdan foydalansangiz bo`ladi) va og`zini mahkam berkiting. Keyin uni ehtiyotkorlik bilan burang. Ostiga birorta idish qo`yishni unutmang. Nihoyat, undan sarg`ish-yashil rangli yog` oqib tusha boshlaydi. Qopchani to`liq bo`shatib, yog`dan bemalol foydalanishingiz mumkin. Aytgancha, bu yog` qo`l, yuz va bo`yin terilarini yumshatish, kuygan joylarni davolash, surunkali yaralarni tuzatish xususiyatiga ham ega.

Seldereyli muolaja

Selderey (karafs)ning dorivorlik xususiyati eramizdan oldingi asrlarda ham ko`pchilikka ma`lum bo`lgan. Tabiblar qadimdan to bugunga qadar teridagi yaralarni tez bitirishda, tanaga quvvat berishda, nafas qisishi (astma)da va ko`krakdagi og`riqlarni qoldirib, allergiya tufayli badanga toshma toshishida seldereydan foydalanishgan.

Allergik holatlarni yo`qotishda bir osh qoshiq maydalangan selderey ildizi bir stakan sovuq suvga solinadi. Ikki soatcha turishi kerak. Kuniga bir mahal ovqatlanishdan oldin 1/3 stakan ichiladi.

Shuningdek, selderey sharbatini siqib chiqarib, har kuni uch marotaba ovqatlanishdan avval ikki choy qoshiqdan ichib turilsa ham allergiyaga davo bo`ladi.

Sharbatlar yordamida…

Teridagi allergik toshma (dermatit)ni davolash uchun uy sharoitida quyidagi usuldan foydalanish mumkin:

200 grammdan sabzi, lavlagi hamda turpning yangi siqilgan sharbatidan bir stakan olasiz. So`ng bir stakan toza asal hamda bir litr tibbiyot spirti (suv qo`shib, 40 foizga keltirilgani) aralashtiriladi. Shisha idishga solib, qopqog`ini mahkamlang-da, qorong`u va salqin joyda saqlang. Ertasidan boshlab bu tindirmadan bir kunda uch mahal ovqatlanishdan yarim soat oldin 20-30 grammdan qabul qilinadi. Ilk kunlarda bir osh qoshiqdan, biror hafta o`tgach, ikki osh qoshiqdan ichiladi. Ikki-uch haftalar o`tgach, tindirmadan kuniga 20 gramm qabul qilish mumkin.

Alohida eslatmalar!

  • Unutmangki, allergiyaga moyilligingiz bo`lsa allergen mahsulotlar (masalan baliq, ikra, qisqichbaqa, sitrus mevalar, qizil rangdagi rezavorlar, asal, shokolad, qahva singarilar)ni iste`mol qilmay turganingiz ma`qul.
  • Ari, asalari va qovoqari chaqishidan o`zingizni ehtiyotlang. Qanotli hasharotlarni jalb qiladigan o`tkir hidli atirlar sepmang.
  • Allergiya tufayli paydo bo`lgan teridagi toshmalarni davolashda servitamin ovqatlanish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, ho`l meva va sabzavotlar, oshko`klar, anjir iste`mol qilib turish zarur.

P/S: reseptlarni qo`llashdan oldin albatta mutaxassis bilan maslahatlashing. Unutmang, har bir organizm o`ziga xos!

Boshqa yangiliklar