Prezident Xorazm viloyatini rivojlantirish bo`yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi

Jamiyat 31.03.2023, 15:43
Prezident Xorazm viloyatini rivojlantirish bo`yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi

Urganch shahrida 31 mart kuni xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etib, nutq so`zladi.

– Bugun mana shu qadim va tabarruk zaminda, muborak Ramazon oyida siz, aziz yurtdoshlarim bilan ko`rishib turganimdan g`oyat mamnunman, – dedi davlatimiz rahbari. – Agar tahlil qilsak, Xorazmda ko`p narsalar o`zgardi. Lekin zamon shiddat bilan o`tyapti, aholining talabi o`sib boryapti. Biz shunga munosib harakat qilishimiz kerak. Shuning uchun ishimizni tanqidiy ko`rib, katta-katta marralar olishimiz kerak.

Yig`ilish avvalida Xorazm viloyatidagi o`zgarishlar qayd etib o`tildi. Oxirgi olti yilda maktabgacha ta`lim qamrovi 22 foizdan 79 foizga etkazildi. 131 ta maktab qurildi va rekonstruksiya qilindi. 580 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlandi.

Viloyatdagi 531 ta mahallani obod qilishga qo`shimcha 1 trillion so`m, tuman markazlari yo`llarini ta`mirlash, piyodalar yo`lagi va yoritgichlarga 50 milliard so`m ajratilgan.

Aholini uy-joy bilan ta`minlash ishlari ham jadallashgan. Oxirgi besh yilda 9 ming 500 ta xonadonli uylar foydalanishga topshirilgan. Bu xayrli ishlarning davomi sifatida Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlandi.

Sanoat, qishloq xo`jaligi va xizmat ko`rsatishda 1,5 milliard dollarlik 7 mingta loyiha doirasida yangi korxonalar ishga tushdi. Bu orqali 50 mingta yangi doimiy ish o`rinlari yaratilib, 19 mingta oila kambag`allikdan chiqarildi.

Ishlab chiqarish 1,5 baravarga ko`paydi, sanoat eksporti 190 million dollarni tashkil etdi. Ayniqsa, to`qimachilik, avtomobilsozlik, oziq-ovqat, elektrotexnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish 2 baravarga o`sdi.

Lekin viloyatda iqtisodiy imkoniyatlar bundan ham ko`pligi, aholini qiynayotgan ko`plab masalalar borligi ko`rsatib o`tildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko`rildi. Davlatimiz rahbari Xorazm viloyati hokimi lavozimiga Jo`rabek Rahimov nomzodini tavsiya etdi.

Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Jo`rabek Rahimov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo`jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo`yicha rejalarini taqdimot qildi.

Aholi bandligini ta`minlash va daromadini oshirish choralariga birinchi navbatda e`tibor qaratildi. Prezidentimiz aytilgan takliflarni ma`qullab, ular yuzasidan mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun berilgan 940 milliard so`mga qo`shimcha 100 milliard so`m yo`naltirilishi belgilandi. Yangi tadbirkorlik sub`ektlarini tashkil qilish orqali 57 ming, kasanachilikda salohiyati bor 240 ta mahallada mehnat qurollari va joy masalasini hal qilib, 50 ming, o`zini-o`zi band qilish orqali 28 ming aholi bandligini ta`minlash mumkinligi aytildi.

Ikkinchi muhim vazifa – oziq-ovqat mahsulotlari balansini ta`minlash. Shu maqsadda “Toshsoqa tizimidagi magistral sug`orish kanalini tiklash” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlanadi. Bog`ot, Shovot va Yangibozor tumanlaridagi 2 ming gektarda uzum, olma va qovun plantasiyalari, Gurlan va Bog`otda agrologistika markazlari tashkil etiladi. Parrandachilik, chorvachilik, sutni qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi.

Ma`lumki, har bir tumanga kamida 50 million dollar investisiya jalb qilish vazifasi qo`yilgan. Viloyat hokimligiga nomzod buning evaziga tumanlarda qanday loyihalar mo`ljallangani haqida axborot berdi.

Davlatimiz rahbari 14 ta yirik sanoat loyihasi infratuzilmasi uchun qo`shimcha 100 milliard so`m yo`naltirish, Urganchda elektrotexnika va farmasevtika sanoat parklari tashkil qilish bo`yicha ko`rsatma berdi. 20 million dollar investisiya evaziga “Damas” va “Labo” avtomashinalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifasi qo`yildi. Bu orqali 300 ta yangi ish o`rni yaratiladi.

Sanoat korxonalari va uy-joylarni elektr energiyasi bilan ta`minlash chora-tadbirlari ham belgilandi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, maktab va bog`chalar barpo etish, aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan ta`minlash masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi. Prezident maktablarda sanitariya holatini yaxshilash, chet tili va kasbga o`rgatish xonalarini tashkil qilish hamda 12 ta tumanda IT park ochish tashabbusini qo`llab-quvvatladi.

Umuman olganda, Xorazmda ijtimoiy muammolarni hal qilishga bu yilgi davlat dasturlarida ko`zda tutilgan 1,5 trillion so`mga qo`shimcha 400 milliard so`m ajratilishi ma`lum qilindi. Bundan tashqari, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo`shimcha 475 million dollar jalb qilish bo`yicha topshiriq berildi.

Barcha chora-tadbirlar orqali 365 ming aholini daromadli mehnat bilan ta`minlab, Xorazmni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi qo`yildi.

Taqdimotdan so`ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qo`yildi. Uning natijalariga ko`ra, Jo`rabek Rahimov Xorazm viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

– Bugun sizlar bilan aholi hayotiga daxldor barcha masalalarga to`xtalib, zarur mablag`lar ajratdik, viloyatga yangi hokim tasdiqladik. Endigi vazifa – butun Xorazm eli hokim atrofida jipslashib, mutasaddilar fidoyi va halol bo`lib, bugun aytilgan reja va tashabbuslarni hayotga, aholi turmush tarziga ko`chirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev sessiya so`ngida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1