Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tahlil natijalariga ko`ra, Toshkent shahridagi xonadonlarning ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. Ma`lumki, o`tgan yili xonadonlar uchun ijara narxlari o`sa boshlagan va oktyabr oyiga kelib, o`zining eng yuqori nuqtasiga chiqqan, so`ngra pasaya boshlagandi.
OLX.uz ma`lumotlar bazasiga ko`ra, o`shanda shahar bo`yicha o`rtacha ta`mirlangan xonadon uchun ijara narxi 526 AQSh dollariga chiqqandi. Joriy yilning mart oyida ijara uchun o`rtacha narxlar fevral oyidagiga nisbatan 2% pasaygan va 411 AQSh dollarini tashkil etgan.
O`rtacha ta`mirlangan 2 xonali uy uchun ijara narxi 340 dollardan (Sergeli) 460 dollargacha (Yakkasaroy), o`zgargan holda Toshkent shahri uchun o`rtacha 411 dollarni tashkil etgan. 3 xonali uylar uchun esa narxlar 380 dollardan (Sergeli) 600 dollargacha (Mirobod) o`zgargan holda Toshkent shahri uchun o`rtacha 480 AQSh dollarini tashkil etgan. Ta`mirlangan 1 xonali uy uchun o`rtacha ijara narxi 320 dollarni, 4 xonali uy uchun 600 dollarni, 5 xonali uy uchun 660 dollarni tashkil etgan.