1

G`aroyibot: Qabrdagi chumolilar

Mutolaa 04.10.2016, 10:43
G`aroyibot: Qabrdagi chumolilar

Bu voqeaga ancha bo`lgan. Shaxsan o`zim guvoh ham bo`lmaganman. Tog`am aytib bergan. Lekin sira yodimdan chiqmaydi va har esimga tushganida etim junjikib ketadi...

— Er borib aytmasin, asli bu ayol yaxshi emasdi. Shaharda ishlar, har kuni yasan-tusan qilib qishloqdan chiqib ketardi. Eri Donaqul aka esa sodda, kamtar va halol odam edi. Traktor haydar, shuning ortidan toparman-tutarman edi. Qishloq bo`yicha ikkitagina odamda traktor bo`lgani, yana eng sozi va ham erhaydaydigan, ham ariq ochadigan uskunalari bo`lgani bois, bu akaning oshig`i olchi. Deyarli har kuni eshigi oldida kimdir iltimos bilan turardi. 

— Donaqul, shu kelinni shaharda ishlatib nima qilasan? O`zimizda ham maktab bor-ku! Yo`lkira yoniga qoladi... — degandi bir safar erimizni haydagani kelgan traktorchiga otam.

Donaqul aka ham bu gapni ko`pchilikdan eshitaverib qulog`i qotib ketgan shekilli, beparvo degandi:

— Avvaldan ishlab kelgan joyida, aka. O`qishni bitirganda shu maktabda ishlashni boshlagan ekan. Shundan buyon ishlaydi. “Uzoq yillik hamkasblarim” deydi. O`zi biladi. Ishlayversin-da. Vaqtida borsa, vaqtida kelsa... Osh-ovqatim tayyor, kiyim-kechagim yuvilgan...

Rostdan ham akaning ayoli ro`zg`orga usta edi. Lekin orqavorotdan eshitgan gaplarimiz...

Bu mish-mish emas, haqligiga qishlog`imizdagilarning ko`pi guvoh bo`lgan. Ayol o`sha ishlaydigan maktabidagi boshqa bir erkak bilan “osh-qatiq”ligini bilishardi. Yanayam anig`i, u erkak qishloqdagi bir odamning kursdoshi ekan. Tag`in u odam bemalol “Bu ikkinchi xotinim”, deb gapirarkan. Shunda qishloqdoshimiz kursdoshiga bu ayolning boshida eri, bolalari borligini aytgan. “Nima qilay, o`zi osiladi. Shuncha yo`l bosib keladi, men uchun”, deganmish.

Bundan tashqari, yana bir qishloqdosh ayol bir to`yda ularning jamoasi bilan birga o`tirgan va ular Donaqul akaning xotini va o`sha erkakka er-xotindek qarashgani uchun achchiqlangan ekan.

— O`ylab gapiringlar. Bu ayol mening qishloqdoshim. Oilali. Yaxshi nomini yomonga chiqarmanglar, — degan ekan, haligi maktab jamoasining esa kulib “Qishloqda bir yor, shaharda bir yor”, deb kulishganmish. 

…Xullas, vaqt o`tib Donaqul akaning xotini vafot etdi. Kutilmaganda, qandaydir ziyofatdan kelgan va “Yoqmagan ovqat edim shekilli”, deya qayt qilgan. Uch kun og`rib yotgan-u, omonatini topshirgan. 

Bu xabar hammani dovdiratdi. Hamma Donaqul aka va farzandlariga achindi. Sho`rlik aka ayolini juda yaxshi ko`rarkan. Balki shuning uchun ham ko`ngliga qaragandir? Chunki kafanlash oldidan va qabrga qo`yayotganda dodlab yubordi. Mullaning tanbehidan keyin jimidi. Afsuski, mayitni qabr og`zidan qaytarib olib chiqishdi. Ajablandik. Odamlar orasida shivir-shivir boshlandi:

— Qabrni qarab qo`rqib ketdim.

— Qabrga qaranglar...

— Tavba-tavba...

Men ham qiziqishim ustun kelib qaradim. Ishonsangiz, qabrning ichi qop-qora bo`lib ko`rindi. Jimir-jimir qiladi. Avvaliga tushunmadim. Yaxshilab qarasam, qabr ichi g`uj-g`uj mayda chumoli...

Biroz kutdik, chumolilar ketmadi. Oxiri shu holda murdani qo`yishdi. Bir ahvolda uyga kelsam, xotinim ham vahima bilan dedi:

— Kafanlash oldidan o`lik ancha ushlanib qoldi-ku! Aytishlaricha, chumoli bosib qolgan ekan...

— Jim bo`l! — dedim ayolimga qabr ko`z oldimga kelib...

Bu voqea meni ham dahshatga soldi.

KAMINA yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1