Joriy yilning aprel-may oylarida Qashqadaryo viloyatida 10 ta umumta`lim fanlari bo`yicha 11-sinf o`quvchilari o`rtasida “Viloyat hokimi olimpiadasi” o`tkaziladi. Aniq va tabiiy fanlar bo`yicha g`olib o`quvchilar Qarshi davlat universitetiga imtihonsiz to`g`ridan-to`g`ri talabalikka qabul qilinadi. Bu haqda viloyat hokimi Murotjon Azimov vohilik o`qituvchilar bilan uchrashuvda ma`lum qildi.
Hokim viloyatda maktab ta`limini rivojlantirish, ta`lim sifatini oshirish bo`yicha oldinda turgan qator vazifalarni sanab o`tdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryoda maktablardagi sharoitlarni yaxshilash bo`yicha uch yillik dastur qabul qilinadi. Ushbu Dastur doirasida joriy yilning o`zida davlat byudjetidan 500 milliard so`m ajratiladi.
Buni hisobidan:
- maktablarda qo`shimcha 30 ming o`quvchi o`rni yaratiladi;
-542 ta maktablar kompyuter bilan jihozlanadi;
- 510 ta maktabda parta va doskalarni to`liq yangilanadi;
-maktablar isitish tizimini yaxshilash bo`yicha mahalliy byudjetdan 50 mlrd so`m mablag` ajratiladi.
Shuningdek:
-1-4-sinflarda ilg`or xorijiy tajriba asosida yaratilgan darsliklar, 5-11-sinflarda Prezident maktablari dasturi va darsliklari bo`yicha ta`lim berish yo`lga qo`yiladi;
-13 nafar xorijiy mutaxassis olib kelinib, o`qituvchilarga ilg`or dars o`tish texnologiyalari o`rgatiladi;
-maktablarni 9 ta mezon bo`yicha masofadan baholash tizimi joriy qilinadi.
Shuningdek, viloyatdagi oliy o`quv yurtlarida Xorijiy til yo`nalishida ta`lim olayotgan iqtidorli 3-4 kurs talabalari saralab olinib, umumta`lim maktablarida xorijiy tilni o`qitishga jalb qilinadi va ularning ish xaqlari mahalliy byudjetdan to`lab beriladi.
Yangi qabul qilingan qarorga ko`ra esa, joriy yilning aprel-may oylarida 10 ta umumta`lim fanlari bo`yicha 11-sinf o`quvchilari o`rtasida “Viloyat hokimi olimpiadasi” o`tkaziladi. Aniq va tabiiy fanlar bo`yicha g`olib o`quvchilar Qarshi davlat universitetiga imtihonsiz to`g`ridan-to`g`ri talabalikka qabul qilinadi.
Respublika fan olimpiadalarida faxriy o`rinlarni egallagan o`quvchilar murabbiylarini mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan qo`shimcha rag`batlantirish tizimi joriy qilinadi.
Qayd etilishicha, Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati o`quvchilari matematika fani bo`yicha xalqaro va Respublika olimpiadalarida ko`plab yutuqlarga erishmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar Kitob tumanida matematika fani bo`yicha o`quvchilarni xalqaro olimpiadaga tayyorlash markazi tashkil etiladi va bu ishlarga Abdiev Baxtiyor bosh-qosh bo`ladi.






