AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev BAA Hukumat ishlari bo`yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviyga “Do`stlik” ordeni topshirdi

'Shavkat Mirziyoev BAA Hukumat ishlari bo`yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviyga “Do`stlik” ordeni topshirdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo`yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegasiya bilan 4 aprel kuni o`tkazilgan uchrashuvida yuqori texnologiyalar, sun`iy intellekt, raqamlashtirish, shahar infratuzilmasini modernizasiya qilish borasidagi aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari, hududlarning savdo-investisiyaviy salohiyatini ro`yobga chiqarish va boshqa masalalar ko`rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari ushbu yo`nalishlar bo`lajak oliy darajadagi ikki tomonlama sammit kun tartibining asosini tashkil etishi lozimligini qayd etdi.

Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, boshqaruvda professional kadrlarni va dasturchilarni tayyorlash, elektron hukumatni joriy qilish yo`nalishlarida va boshqa sohalarda o`zaro foydali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Vazir al-Gargaviy davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon hamda mamlakat Vise-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuv so`ngida O`zbekiston Prezidenti tomonidan joriy dasturlarni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni tayyorlashni nazarda tutuvchi “yo`l xaritasi”ni yangilash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yakunda vazir al-Gargaviyga O`zbekiston va BAA o`rtasidagi ko`p qirrali munosabatlarni kengaytirishga qo`shgan katta hissasi va Yangi O`zbekistondagi islohotlar dasturini har tomonama qo`llab-quvvatlagani uchun davlatimizning yuksak mukofoti – “Do`stlik” ordeni topshirildi. 

    Boshqa yangiliklar