Toshkentda joylashgan masjidlarda ikki nafar fuqaroning pullari o`g`rilab ketildi. Bu haqda IIV Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, "Novza" jome masjidiga namoz o`qish uchun kelgan fuqaro o`z kurtkasini masjid tahoratxonasidagi kiyim ilgichga ilib, o`zi tahorat olish uchun kirib ketgan. Ammo, fuqaro qaytib chiqqanida cho`ntagidagi 6,8 mln va 200 AQSh dollari puli yo`qligini bilib, IIBga murojaat qilgan.
Olib borilgan surishtiruvlar davomida mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs qo`lga olingan. Aniqlanishicha, qo`lga olingan shaxs avval sudlanib chiqqan bo`lib, ilgari ham bir nechta masjidlarga borib, yashirin ravishda o`zgalarning moddiy boyliklarini o`g`rilab kelgani aniqlangan.
"Masjidga borib, tahoratxonasiga kirib, kurtkasining ichki cho`ntagida 100 ming so`mlik pullar turgan edi. Pullarni olib, ko`chaga chiqib ketdim. "Qozirobod" masjidiga ham bordim. Tahoratxonada kurtkamni ilayotgan vaqtimda boshqa kurtka ham bor ekan. Uning cho`ntagida 1 mln so`mdan ko`proq pul bor ekan. Uni ham olib, ishlatib yubordim", - deydi qo`lga olingan shaxs.
Mazkur shaxsga nisbatan JKning 169-moddasi (o`g`rilik) 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






