“Aholini sifatli iste`mol tovarlari bilan ta`minlashga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra:
- iste`molchilar hayoti yoki sog`lig`i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning noqonuniy muomalasi bilan bog`liq qilmish uchun javobgarlik kuchaytiriladi;
- etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasi bilan bog`liq qilmish uchun javobgarlik ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib o`rnatiladi;
- sanitariya qonunchiligi va veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalarini buzganlik uchun belgilangan ma`muriy javobgarlik kuchaytiriladi;
- o`zganing tovar belgisidan, xizmat ko`rsatish belgisidan, geografik ko`rsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan, adashtirib yuborish darajasida ular bilan o`xshash bo`lgan belgidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi;
- belgilangan talablar va shartlarning qo`pol ravishda buzilishi oqibatida lisenziyasi bekor qilingan yoki xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirishi tugatilgan tadbirkorlarga quyidagi ro`yxatda keltirilgan faoliyat turlari bilan shug`ullanishiga cheklovlar belgilanadi.
Mazkur masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Qarorga muvofiq, iste`molchilar huquqlari himoya qilinishini ta`minlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati o`tib ketgan, kontrafakt va iste`molga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish holatlari hamda ularning aylanmasiga chek qo`yishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. Jumladan:
- murojaatlar yagona axborot tizimi orqali qabul qilinadi va ular vakolatli organlar tomonidan qisqa muddatlarda ko`rib chiqiladi;
- huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar rag`batlantiriladi.
2023 yil 1 iyuldan ko`piklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari aksiz markalari bilan markalanmaydi.
2023 yil 1 avgustdan alkogol mahsulotlarining tovar belgilari ro`yxatga olinganligi to`g`risidagi guvohnomaning mavjudligi alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish uchun lisenziya talabi hisoblanadi.
2023 yil 1 sentyabrdan tamaki mahsulotining ulgurji va chakana savdosi, pivo mahsulotining ulgurji savdosi xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.
05.04.2023 11:32
Endi kontrafakt, saqlash muddati o`tib ketgan va iste`molga yaroqsiz tovarlar haqida xabar berganlar rag`batlantiriladi






