Xabaringiz bor, bugun, 5 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida “Yangi O`zbekiston” massivlarida uy-joy qurilishi va 2023 yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish bo`yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda davlatimiz rahbari sifatsiz qurilish materiallari haqida gapirdi.
Bugungi kunda yangi uy-joylar o`zimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallaridan qurilmoqda.
Lekin, qurilishlarning sifatiga ta`sir qiluvchi temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yo`q. O`tgan yili uy-joy qurilishida temir-beton, devor konstruksiyalari va payvandlash ishlari sifatsizligi bo`yicha 1 mingdan ortiq holat aniqlangan.
Shu bois, mutasaddilarga barcha temir-beton korxonalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish bo`yicha “yo`l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
So`nggi oylarda dunyoda ham, mintaqamizda ham seysmik faollik kuzatilayapti. Shu bois, 1 maydan boshlab:
- qurilish boshlanishidan oldin tanlangan er uchastkalarida muhandislik-geologik ekspertiza o`tkazish majburiy bo`ladi;
- ko`prik, tonnel, ko`p qavatli binolar kabi seysmik xavfsizlik talablari yuqori bo`lgan bino-inshootlarni qurish faqat Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “A” va “B” toifaga ega bo`lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Yog`ingarchilik shaharlarning drenaj tizimi yomon ahvolga kelib qolganini yaqqol ko`rsatayotgani ta`kidlandi. Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimligiga ikki hafta muddatda ushbu masalaning echimi bo`yicha dastur qabul qilish va amalga oshirish topshirildi.
Yig`ilish davomida kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.






