Bugun, Senatning o`ttiz to`qqizinchi yalpi majlisida bir qator qonunlar va masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Mazkur yalpi majlisda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatish to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo`riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida”gi, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta`minlashga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o`tashni davom ettirish uchun topshirish to`g`risidagi Shartnomani (Nur-Sulton, 2021 yil 6 dekabr) ratifikasiya qilish haqida”gi qonun ham ko`rib chiqiladi.
“O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o`rtasida harbiy sohada hamkorlik to`g`risidagi Bitimni (Toshkent, 2022 yil 21 iyun) ratifikasiya qilish haqida”gi hamda “O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o`rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlik to`g`risidagi Bitimni (Toshkent, 2022 yil 21 iyun) ratifikasiya qilish haqida”gi qonunlar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, senatorlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) 2022 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotini, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2022 yildagi faoliyati to`g`risidagi axborotini eshitadi.






