AsosiyJamiyat

Senat ayollar va bolalarni zo`ravonlikdan himoya qilish haqidagi qonunni qabul qildi

'Senat ayollar va bolalarni zo`ravonlikdan himoya qilish haqidagi qonunni qabul qildi'ning rasmi

Oliy Majlis Senati ayollar va bolalarni zo`ravonlikdan himoya qilish haqidagi qonunni qabul qildi.

Mazkur qonun bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga etmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo`ravonlik holatlariga nisbatan qat`iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan.

Qonun bilan “oilaviy (maishiy) zo`ravonlik” ya`ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro`zg`or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo`lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo`rovonlik uchun tegishincha ma`muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanyapti.

Shuningdek, endilikda jinsiy zo`ravonlik, shu jumladan, voyaga etmaganlarga nisbatan jinsiy zo`ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni engilrog`i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og`irlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, ta`qib etganlik hamda ota-ona o`z voyaga etmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanyapti.

Qayd etilishicha, 2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo`ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo`lib, ularning qariyb 61 mingdan ko`pi yoki qariyb 85 foizi oilada sodir etilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko`ra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zo`rlik ishlatib g`ayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikasiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon bo`lishi asosiy mezonlardan biri bo`lgan bo`lsa, endilikda ushbu qoida bekor qilinmoqda. Ya`ni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Shu bilan birga, voyaga etmaganlarga nisbatan jinsiy zo`ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta`lim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug`ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro`yxatini yuritish ko`zda tutilmoqda.

 

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar