Senatning o`ttiz to`qqizinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o`rtasida harbiy sohada hamkorlik to`g`risidagi Bitimni (Toshkent, 2022 yil 21 iyun) ratifikasiya qilish haqida”gi hamda “O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o`rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlik to`g`risidagi Bitimni (Toshkent, 2022 yil 21 iyun) ratifikasiya qilish haqida”gi qonunlarni ko`rib chiqldi.
Majlisda senatorlar o`zbek va ozarbayjon xalqlari o`rtasidagi do`stlik rishtalari chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini, madaniy-ma`naviy qadriyatlar, an`analar hamda tarixning ko`p asrlik mushtarakligiga asoslanganligini alohida ta`kidladi. Hozirgi vaqtda bu ikki davlat o`rtasida o`zaro ishonch va yuksak hurmatga asoslangan o`zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevorga aylandi.
Senatorlar ratifikasiya qilish uchun taqdim etilgan bitimlarni yuqori baholab, Ozarbayjon va O`zbekiston o`rtasida mudofaa sohasidagi hamkorlik ikki davlat armiyalarining mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta`kidladi.
Shuningdek, ushbu Bitimlar Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning O`zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan va harbiy, harbiy-texnikaviy, harbiy-ta`lim sohasida, shuningdek, tomonlar manfaatlari kesishadigan boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganligi qayd etildi.
Senatorlarning fikricha, bitimlarning qabul qilinishi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga yangicha turtki beradi va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qonunlar senatorlar tomonidan ma`qullandi.






