Ijtimoiy tarmoqlarda "Activist" nomli blogerning do`konlarida sotilayotgan mahsulotlar haqida tanqidiy chiqishlari tarqaldi. Unda bloger ayrim mahsulotlar haqida fikr bildirib, ularni tarkibidagi "Carmine E120" moddasi sabab halol emasligini gapirgan.
Ushbu tanqidiy chiqishi uchun bloger sud qilindi. Sudning qarori bilan unga 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi "Carmine E120" modda qo`shilgan mahsulotlarni iste`mol qilish joiz ekanini ma`lum qildi.
"Karmin – qizil rangli bo`yoq moddasi bo`lib, E120 raqami ostida oziq-ovqat qo`shimchalari sifatida foydalaniladi. Ushbu modda yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub bo`lgan koshenil hasharotidan olinadi. To`rt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni iste`mol qilish qat`iy man qilingan. Lekin, hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan karmin E120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayonlardan o`tishi bilan holati o`zgarishi soha mutaxassislari va ulamolarimiz tomonidan aytilgan.
Fatvolar va tadqiqotlar bo`yicha Evropa Kengashi o`zining 19-sonli fatvosida quyidagicha qaror qilgan: “Carmine E120 moddasi garchi kelib chiqishi hayvonlardan bo`lsa ham, kimyoviy ishlovdan o`tadi, natijada o`z tuzilishini o`zgartiradi hamda asl xususiyatlarini yo`qotadi”.
Demak, yuqoridagilardan karmin — E120 moddasi qo`shilgan mahsulotlarni iste`mol qilish joiz ekani ma`lum bo`lmoqda. Lekin ushbu fatvolar ulamolar tomonidan e`lon qilingan bo`lsada, zamonamizdagi ayrim ahli ilmlardan mazkur masalada ehtiyot yo`lini tutishni tavsiya etganlari ham bor.
Xulosa qilib aytganda, ulamolar ruxsat berib qo`ygan tarafni olib ba`zi bir odamlar karmin moddasi qo`shilgan mahsulotni iste`mol qilsa, taqvo va ehtiyot yo`lini tutganlar ularni malomat qilmasliklari kerak. Vallohu a`lam", - deyiladi Fatvo markazi bayonotida.