Joriy yil 11 mart kuni Buxoro viloyati Jondor tumani "Qozoqon" mahallasida yashovchi fuqaroning uyida salkam 28 mln so`m pullari o`g`irlangan. Bu bo`yicha viloyat IIB xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 19:00 va 23:00 lar orasida noma`lum shaxs ushbu fuqaroning uyiga kirib, yotoqxonasidagi temir seyfni ochgan va uning ichidagi 27 mln 600 ming so`m pullarini o`g`irlab, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan noma`lum shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni, shu mahallada yashovchi, 2006-yilda tug`ilgan, tumandagi "Kasb-hunar maktabi" 2-bosqich talabasi sodir etganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning viloyat hududlarida sodir etilgan boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Ma`lumot uchun, yuqoridagi moddaga asosan yigit 30 mln so`mgacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.






