Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti o`quv binosining devorida yoriq yuzaga kelgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan universitet Matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu yoriq eski va yangi bino orasidagi chok bo`lib, universitet binosidagi ta`mirlash ishlari vaqtida qurilish uskunalarining ishlatilishi natijasida yuzaga kelgan.
"Quruvchilar tilida bu issiq va sovuq ta`sirida doimiy harakatda bo`luvchi ikki bino orasidagi chokdir. Mutaxassislar tilida bu "Temperaturny shov" deyiladi. Bu holatning binoning cho`kishiga aloqasi yo`q. Chunki eski va yangi binolarning poydevori ham bir-biridan alohida", - deyiladi xabarda.
Yoriqning kelib chiqishi va bino devoridagi yoriq xavfining darajasini tegishli tartibda o`rganish maqsadida mutaxassislar jalb qilingan.
Shuningdek, holat Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan o`rganilmoqda.






