Qoraqalpog`iston Respublikasining Xo`jayli tumanidagi 41-maktabda boshlang`ich sinf o`quvchilariga berilgan shirinlik ichidan qum chiqdi. Bu haqda maktab o`qituvchisi Bagdagul Bekbosinova 8 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali ma`lum qildi.
Uning aytishicha, prezident tashabbusi bilan Xorazm viloyati va Qoraqalpog`istonda boshlang`ich sinf o`quvchilariga berilayotgan bepul eguliklarning sifati juda qoniqarsiz.
«Shu kungacha berilgan mahsulotlar bo`yicha qator kamchiliklarni maktab rahbariyatiga aytib kelganman. Olmalari yuvilmagan, chirigan. Keks ichidan qizlar sochiga taqadigan „nevidimka“, un qopini tikadigan ip chiqqan kunlar ham bo`lgan. Lekin 2023 yilning 7 aprel kuni 2-„B“ sinfidagi o`quvchimning konfetidan qum aralash tuproq chiqdi. Qiz bechora yarmini egan. Konfet o`ralgan qog`ozini ko`zdan o`tkazsam, ishlab chiqaruvchi haqida hech nima yozilmagan», — deydi pedagog.
Bagdagul Bekbosinova mazkur holatga mas`ul bo`lgan mutasaddilar javob berishlari kerakligini ta`kidlagan.
«Bunday mahsulotlarni berib, bolalarning sog`lig`iga zarar etkazib, berganidan bermagani yaxshi emasmi? Kelajagimiz bo`lgan bolalar sog`lig`i barcha uchun muhim. Tegishli javobgar shaxslar bunday sifatsiz mahsulotni olib kelib bolalarga tarqatgani uchun javob berishini so`rab qolaman. Xar bir o`quvchi uchun kuniga necha so`m sarflanadi? Berilayotgan mahsulotlar shu pulga arziydimi?» — deydi o`qituvchi.
Pedagog o`z murojaatiga fakt sifatida chirigan olmaning rasmi, eguliklar ichidan sochga taqiladigan to`g`nog`ich va qum chiqqani aks etgan videolarni ham keltirgan.
Qoraqalpog`iston Xalq ta`limi vazirligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ta`kidlanishicha, holat bo`yicha Xo`jayli tumani xalq ta`limi bo`limi tomonidan o`rganish ishlari olib borilgan. Tuman XTBga qarashli mazkur 41-maktabda jami 961 nafar o`quvchi o`qiydi, shundan 388 nafari — boshlang`ich sinf o`quvchilari. Ularga oziq-ovqat mahsulotlarini 2022 yil 10 oktyabrdan beri Bekbergen Servis Orayi MChJ etkazib bermoqda.
O`rganishlar davomida aniqlanishicha, ushbu korxona tomonidan 7 aprel kuni 41-maktabdagi 388 nafar boshlang`ich sinf o`quvchisi uchun tasdiqlangan taomnoma (menyu) asosida yong`oqli keks, «Stel» shokoladi, olma, shirin choy etkazib berilgan. Keltirilgan eguliklar soat 09:45 da maxsus komissiya a`zolari tomonidan qabul qilib olingan.
Qayd etilishicha, shu kuni 2-«B» sinf o`quvchilariga berilgan «Stel» shokoladidan qum chiqqan va sinf rahbari B.Bekbosinova holat bo`yicha maktab rahbariyatiga videoxabar orqali murojaat qilgan. Maktab rahbariyati bu haqda etkazib beruvchi keytering korxonasiga ma`lumot bergan.
E`tiborli jihati, nomi «Stel» deya qayd etilgan shokoladning tashqi ko`rinishi «Step» shokoladiniki bilan juda o`xshash. Sinf rahbari ham «konfet ishlab chiqaruvchisi haqida hech nima yozilmagani» haqida gapirgan.

«Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha tegishli tartibda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, qo`shimcha o`rganish ishlari amalga oshirilishini hamda buning natijasi haqida qo`shimcha ma`lumot berilishini ma`lum qilamiz», — deyiladi vazirlik axborotida.






