Kuni kecha Mirobod tumanida joylashgan 110-maktabning 8-sinf o`quvchisi vafot etganligi haqida xabar qilingan edi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi ma`lum taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, shu yil 10 aprel kuni Mirobod tumanidagi 110-maktabning 8-sinf o`quvchisi M.S. 5 soat o`qigan, darsdan so`ng maktab hovlisida vafot etgan. Maktab kuzatuv kamerasi videoyozuvlari o`rganilganida hodisa joyida janjal yoki kelishmovchilik sodir bo`lmagan.
Sud tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko`ra, M.S.ning o`limiga “oshqozon osti beziga keng ko`lamli qon quyilishi, o`tkir yurak qon tomir etishmovchiligi, o`ng ko`z yonida shilinma, ichki a`zolari to`laqonligi, bosh miya va o`pkalar shishi” sabab bo`lgan.
"M.S. 8-sinfning a`lochi va namunali o`quvchilaridan bo`lgan. Bevaqt vafoti munosabati bilan uning ota-onasi hamda barcha yaqinlariga hamdardlik bildiramiz", - deyiladi xabarda.
Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






