Bugun, 13 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta`minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmon imzolandi.
Prezident farmoni bilan ipoteka kreditlari va subsidiyalarni ajratish tartibiga quyidagi o`zgartirishlar kiritildi:
- banklarga ipoteka kreditlarini rasmiy daromadga ega bo`lmagan jismoniy shaxslarga ham ajratishga ruxsat etildi. Bunda, ushbu fuqarolarning to`lov qobiliyati ularning bank kartasidagi aylanmasi, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarini hisobga olish orqali aniqlanadi;
- banklarga dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko`rsatkichlardan kelib chiqib, kreditlar bo`yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o`rnatish huquqi berildi. Bunda, dastlabki badalni ko`proq to`lagan fuqaro arzonroq kredit olish imkoniga ega;
- subsidiyaga ajratilgan mablag`larni tezroq ishlatish uchun, subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushirildi. Bunda, fuqaro 4 oyda sertifikatdan foydalana olmasa, u subsidiyaga qayta ariza topshirishi mumkin;
- Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Xalqparvar komissiyalarining xulosasiga asosan xato ajratilgan subsidiya sertifikatlarini to`g`ridan-to`g`ri bekor qilish va to`lovlarni to`xtatish huquqi berildi.
Ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta`minlash yuzasidan yangi farmon qabul qilindi






