AsosiyJamiyat

Vaynerning qizlarni masxara qilib olingan reklama roligi o`chirtirildi

'Vaynerning qizlarni masxara qilib olingan reklama roligi o`chirtirildi'ning rasmi

Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasining ma`lum qilishicha, instabloger Bobur Mansurov Flovell brendi ostidagi nam salfetkaning reklamasi aks etgan video olgan. Videoda qizlar salfetkada yuzini artishi natijasida xunuk bo`lib ketishi sahnalashtirilgan. Qo`mita mazkur video qonunchilikka zid ekanini ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, "Reklama to`g`risida"gi qonunning 16-moddasiga muvofiq, reklamada – jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab, boshqa holatlarga ko`ra kamsitish yoki o`zga shaxslarning tovarlarini badnom qilish, milliy va oilaviy an`analarga, shuningdek axloq va ma`naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo`lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.

Qo`mita tomonidan olib borilgan tahlillarga ko`ra, reklama vositalari orqali joylashtirilayotgan tovar (ish, xizmat) reklamasida ma`naviyatga to`g`ri kelmaydigan, milliy va oilaviy an`analarga masxaraomuz va kinoyali ohangda yondashilgan iboralardan foydalanilishi holatlari ko`plab kuzatilib, bunday reklamalar fuqarolar va internet foydalanuvchilarining turli e`tirozlariga olib kelmoqda.

"Shunday ekan, reklama va axborot vositalaridan foydalangan holda milliy va oilaviy an`analarga, shuningdek axloq va ma`naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo`lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanishga yo`l qo`yilmaydi", - deyiladi xabarda.

Qo`mita tomonidan ushbu reklama bartaraf etilib, videorolik namoyishi to`xtatilgan. Shuningdek, bloger Bobur Mansurov bilan o`tkazilgan suhbat davomida, ushbu video rolikni namoyish qilishda xotin-qizlarni kamsitish maqsadi bo`lmaganligi ta`kidlangan.

    Boshqa yangiliklar