Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Qoraqalpog`istonning Ellikqal`a tumani XTBga qarashli maktablarning birida o`quvchilarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidan tabletka chiqqanligi to`g`risida o`quvchi ota-onasining murojaati tarqaldi. Holat yuzasidan Ellikqal`a tumani hokimligi Axborot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, tuman prokuraturasi va tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo`limi mas`ul xodimlari tomonidan o`rganish ishlari olib borilgan.
5-umumiy o`rta ta`lim maktabiga 2023 yil 13 aprel kuni "Tabassum NUKUS" MChJ tomonidan 267 nafar boshlang`ich sinf o`quvchilari uchun oziq-ovqat mahsulotlari maktab ishchi guruhi tomonidan qabul qilingan. Holat yuzasidan ekspertiza xulosasini olish uchun oziq-ovqat mahsulotlari namunasi Qoraqalpog`iston Davlat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasiga yuborilgan.
"Tahlil natijalari chiqqandan so`ng qo`shimcha ma`lumot beriladi", - deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Qoraqalpog`istonning Xo`jayli tumanida maktab o`quvchilariga berilgan oziq-ovqat mahsulotlari orasidan qum va qizlar to`g`nog`ichi chiqqanligi haqida xabar berilgandi.






