Juma kuni O`zbekistonning katta qismida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning shimoli-g`arbiy hududlariga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizidan salqin va nam havo massalari kirib keladi. Bu haqda O`zgidromet xabar qildi.
14 aprel kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba`zi joylarda biroz yomg`ir yog`adi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Havo harorati kunning o`rtasiga kelib +33…+35 darajagacha, ayrim joylarda +37 darajagacha ko`tariladi, shimoliy hududlarda +20…+25 darajadan oshmaydi.
Shanba kuni salqin va nam havo massalarining kirib kelishi sharq tomonga qarab harakatlanadi. O`zbekiston bo`yicha ba`zi joylarda yomg`ir yog`adi, momaqaldiroq bo`ladi, ayrim joylarda do`l yog`ishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida faqat kechasi va ertalab momaqaldiroqli yomg`irlar saqlanib turadi. Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida yog`ingarchilik kuzatilmaydi. Kunduzgi havo harorati +20…+25 darajagacha pasayadi.
Yakshanba kuni respublikada yog`ingarchilik kutilmaydi. Faqat Toshkent viloyati va Farg`ona vodiysi viloyatlarining ba`zi joylarida yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Havo harorati kechasi +10…+15 darajani, kunduzi +20…+25 darajani tashkil etadi, shimolda kechasi 0…+5 daraja iliqgacha, kunduzi +7…+12 daraja iliqgacha pasayadi.
Respublika bo`yicha ba`zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba`zida esa 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Tog` oldi va tog`li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg`ir yog`adi, dam olish kunlari ba`zi joylarda qorga aylanadi. Dam olish kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda yog`ingarchilik kutilmaydi. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi, 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati +32…+34 darajagacha ko`tariladi.
Shanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg`ir yog`adi, momaqaldiroq bo`ladi, do`l yog`ishi mumkin. Sharqiy shamol yo`nalishini o`zgartirib, g`arbdan 5−10 m/s tezlikda esadi, 12−17 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Yakshanba kuni kechga tomon biroz yomg`ir yog`adi. Shamol shimoli-sharqiy yo`nalishda 5−10 m/s tezlikda esadi. Dam olish kunlari harorat kechalari +11…+13 darajani tashkil etadi, kunduz kunlari +21…+23 daraja atrofida bo`ladi.






