AsosiyJamiyat

Shilqimlik, abortga majburlash, oilaviy zo`ravonlikka qarshi qonun: yangi qonun bilan nimalar o`zgarmoqda?

'Shilqimlik, abortga majburlash, oilaviy zo`ravonlikka qarshi qonun: yangi qonun bilan nimalar o`zgarmoqda?'ning rasmi

Kuni kecha Prezident tomonidan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga oid muhim qonun imzolandi.

Ushbu qonun bilan qator o`zgarishlar kiritildi. Quyida ularning asosiylari bilan tanishtirib o`tamiz.

  1. Oilaviy (maishiy) zo`ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro`zg`or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga, umumiy farzandga ega bo`lgan shaxsga o`z huquqlarini amalga oshirishida to`sqinlik qilish, shaxsiy narsalariga qasddan shikast etkazish, sha`ni va qadr-qimmatini tahqirlash, qo`rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo`yish uchun quyidagi javobgarlik belgilandi:

– BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha ma`muriy qamoq. Ularni do`pposlash esa 15 sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa sabab bo`ladi.

Mazkur harakatlar ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin takror sodir etilsa jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi. Javobgarlik – BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarimadan boshlanib 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha.

Yuqoridagi shaxslarni do`pposlash, ularga tan jarohati etkazish
2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Oilaviy zo`ravonlik og`irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa (masalan, homiladorga, o`ta shafqatsizlik bilan, ikki yoki undan ortiq shaxsga va hk. shikast etkazish), jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarsa (masalan, ko`rish, so`zlash qobiliyatini yo`qotish, o`lim), 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo`ladi.

Ilgari mazkur harakatlar uchun umumiy moddalarga (badanga shikast etkazish) asosan javobgarlikka tortilgan.

  1. Shilqimlik qilish uchun ma`muriy javobgarlik belgilandi.

Unga ko`ra, shaxsga nomaqbul hamda uning sha`ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga yoki 5 sutkagacha ma`muriy qamoqqa sabab bo`ladi.

Ilgari mazkur harakatlar uchun javobgarlik belgilanmagan.

  1. Aliment to`lamagan shaxs majburan ishlatilib, puli bolalari ta`minotiga yo`naltiriladi.

Haq to`lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi kiritildi. U sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha muddatga tayinlanadi.

Ma`lumki, aliment qarzdorligi jiddiy muammoga aylangan. Aliment to`lamay yurgan shaxslarni 15 sutkaga qamash yoki jarimaga tortish mumkin. Biroq aksariyat hollarda bundan aliment  oluvchiga umuman naf yo`q.

Aksincha, qamoqqa olingan aliment to`lovchi 15 sutka ishlab pul topish imkoniyatidan mahrum bo`ladi, jarima jazosi esa uning ahvolini yanada og`irlashtiradi.

Endi ular majburiy jamoat ishlariga ham jalb etiladi va ish haqining teng yarmi alimentga ushlab qolinadi.

  1. Voyaga etmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Unga ko`ra, voyaga etmaganlarga nisbatan ma`lum jinoyatlarni sodir etganlar jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinmaydi. Hatto mazkur jinoyatlar jinoyatga tayyorganlik yoki suiqasd bosqichida to`xtatilganda ham, jazo tayinlashda engillik berilmaydi. Xususan, quyidagi jinoyatlarni sodir etganlar nisbatan:

18 yoshga to`lmagan shaxsning nomusiga tegish va jinsiy aloqaga majburlash;

16 yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa yoki unga uyatsiz-buzuq harakatlar qilish;

voyaga etmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish;

voyaga etmagan shaxs ishtirokida qo`shmachilik qilish, fohishaxona tashkil etish.

Ilgarigi tartibga, ko`ra ular jazoning yarmini o`tagach, engilrog`iga almashtirilishi yoki jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi mumkin edi.

  1. Ayol kishini “abort” qilishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Ayolni abortga majburlash uchun javobgarlikning quyi chegarasi – BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarimadan boshlanib yuqori chegarasi – 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.

Ilgari javobgarlik BHMning 50 baravarigacha jarimadan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha edi.

  1. Nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo`rlik ishlatib g`ayritabiiy usulda qondirish uchun jazo kuchaytirildi.

Mazkur jinoyatlar uchun ilgari 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan bo`lsa, endilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilandi.

Shuningdek, mazkur jinoyatlar quyidagi shaxslarga nisbatan sodir etilsa, og`irlashtiruvchi holat deb topiladi va jazo ko`proq tayinlanadi (eng ko`pi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish):

– nogironligi bo`lgan shaxslarga;

– sobiq xotiniga (eriga), bir ro`zg`orda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega shaxsga;

– jabrlanuvchiga qarab turish yuklatilgan muassasa xodimi tomonidan sodir etilishi.

Ilgari mazkur tartiblar mavjud emas edi.

  1. Ota-onaning voyaga etmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo`yicha majburiyatlarini bajarmaganligi uchun ma`muriy javobgarlik belgilandi.

Masalan, ota-onalar, 6 oydan ko`p muddatga xorijga ketganda voyaga etmagan farzandlariga vasiy va homiy tayinlatib ketishi kerak. Biroq bu qoidaga doimo amal qilinmaydi.

Xususan, ota-onalar tomonidan mazkur majburiyatlarni bajarmagan holda xorijga chiqib ketgan ota-onalarning farzandlari tomonidan 2019 yilda jami 7 ta, 2020 yilda 22 ta, 2021 yilda 29 ta jinoyat sodir etilgan.

Endilikda, mazkur qilmish BHMning 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

  1. Jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar ta`lim-tarbiya tashkilotlarida ishlashi taqiqlandi.

Qasddan odam o`ldirgan, 18 yoshga to`lmagan shaxs nomusiga tekkan, jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirgan, ularga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan, voyaga etmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilgan, terrorizm uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar ta`lim, tarbiya, bolalar sog`lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug`ullanishi taqiqlandi.

Ilgari mazkur cheklovlar mavjud bo`lmagan.

  1. Ota-ona yashash joyidan chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida o`z bolasiga vasiy yoki homiy tayinlashi shart bo`lgan muddat 6 oydan 3 oyga qisqartirildi. Ya`ni ota-ona 3 oydan ko`p chet-elga ketsa bolasiga vasiy yoki homiy tayinlashi kerak, aks holda ma`muriy javobgarlikka sabab bo`ladi.
  2. “Himoya orderi” muddati 1 yilgacha uzaytirilishi mumkinligi belgilandi.

Tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlanuvchi shaxs va unga tazyiq o`tkazgan va zo`ravonlik qilgan shaxs bir joyda ishlasa yoki o`qisa, ichki ishlar organi mansabdor shaxsi ularning o`rtasidagi bevosita aloqani taqiqlash bo`yicha tashkilotga taqdimnoma kiritadi va tashkilot rahbari taqdimnoma ijrosini ta`minlaydi.

Himoya orderi muddati sud tomonidan 1 yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Ilgari muddat 30 kungacha ichki ishlar organlari tomonidan uzaytirilgan.

    Boshqa yangiliklar