Andijon viloyati Shahrixon tumanida 13 aprel kuni fuqarolar va ichki ishlar xodimi o`rtasida mushtlashuv sodir bo`ldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, inspektor-psixolog mayor S.Kamolitdinov “Eshonqishloq” mahallasida xizmat olib borayotgan vaqtida hududdan 2004 yilda tug`ilgan fuqaro Sh.Sh. boshqaruvidagi Labo yo`l harakati qoidalarini qo`pol ravishda buzib harakatlangan.
Bundan tashqari, mashina yukxonasida ikki nafar voyaga etmagan bolalar olib ketilayotgani ko`rib aniqlangan. Inspektor shu sababli mashinani to`xtatishga harakat qilgan. Avtomashina haydovchisi bolalar yukxonadan tushib qolishi bilan voqea joyidan yashiringan.
Shundan so`ng holatni rasmiylashtirish maqsadida mayor S.Kamolitdinov va hudud profilaktika inspektori kapitan D.Qosimov “Quruqsoy” mahallasidagi huquq-tartibot maskaniga kelgan. U erga haydovchi, uning akasi va tanishi kelib, xodimlarning harakatiga keskin qarshilik ko`rsatgan va ularni haqorat qilib, tan jarohati etkazgan.
Tibbiy xulosaga ko`ra, mayor S.Kamolitdinovga “bosh yumshoq to`qimalarining lat eyishi, chap elka ichki yuzasi yumshoq to`qimalari lat eyishi, ko`karishi, milk yumshoq to`qimalarining lat eyishi” tashxisi qo`yilib, fuqaro B.Sh.da “bo`yin old qismida shilinma jarohati” mavjudligi aniqlangan. Labo haydovchisiga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 128-moddasi bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Voqea ishtirokchilari Sh.Sh., B.Sh. va J.B.ga nisbatan yuqoridagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) hamda Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko`rsatish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.






