O`zbekistonda so`nggi bir hafta ichida yangi pomidorning ulgurji narxlari keskin arzonladi — pushti pomidorning o`rtacha ulgurji narxi 32 foizga, qizil dumaloq pomidor esa uchdan biriga arzonladi.
EastFruit’ning xabar berishicha, qizil dumaloq pomidorning ulgurji narxi ketma-ket ikkinchi hafta pasaygani hisobga olinsa, bu mahsulotlar so`nggi ikki hafta ichida deyarli 40 foizga arzonlashgan.
Bozor ishtirokchilarining fikriga ko`ra, bu ichki bozorda yangi pomidorga bo`lgan taklifning keskin o`sishi bilan bog`liq, bu esa, o`z navbatida, issiqxonalardan ushbu mahsulotlarni etkazib berishning ko`payishiga olib kelgan.
Narxlar monitoringiga ko`ra, 2023 yilning 7 aprelidan 14 apreliga qadar qizil dumaloq pomidorning o`rtacha ulgurji narxi bir kilosi uchun 33 ming so`mdan 22 ming so`m (2,90 dollardan 1,93 dollar)gacha pasaygan. Ushbu mahsulotlar narxi ketma-ket ikkinchi hafta pasayib borayotgani inobatga olinsa, 2023 yil 31 martdan 14 aprelgacha qizil dumaloq pomidorning o`rtacha ulgurji narxi bir kilosi uchun 36 ming so`mdan 22 ming so`m (3,15 dollardan 1,93 dollar)ga, ya`ni oxirgi ikki hafta ichida 39 foizga pasaygan. Shu bilan birga, joriy ulgurji narxlar 2022 yil darajasiga yaqinlashgan, 2023 yil 14 aprel holatiga ko`ra, ushbu mahsulotlarning o`rtacha ulgurji narxi 2022 yilning shu davri bilan solishtirilganda atigi 16 foizga yuqori.
Pushti pomidorning narxi faqat shu hafta pasayishni boshlangan va juda keskin tus olgan. 2023 yilning 7 aprelidan 14 apreliga qadar ushbu mahsulotlarning o`rtacha ulgurji narxi bir kilosi uchun 38 ming so`mdan 26 ming so`m (3,34 dan 2,28 AQSh dollari)ga, ya`ni bir hafta ichida 31,5 foizga arzonlashgan. Biroq qizil dumaloq pomidordan farqli o`laroq, joriy ulgurji narxlar 2022 yilgi darajaga nisbatan ancha yuqori. 2023 yil 14 aprel holatiga ko`ra, pushti pomidorning o`rtacha ulgurji narxi 2022 yilning shu davri bilan solishtirilganda nisbatan 1,5 baravar yuqori.






