Bugun Telegram tarmog`idagi bir nechta kanallarda «Ogoh bo`ling: O`zbekiston pomidorlarida xavfli virus aniqlandi» sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarga Qozog`iston telekanalining «24KZ» telekanali orqali namoyish etilgan lavha asos bo`ldi.
O`simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida tezkor surishtiruv va o`rganishlar olib borilib, dastlabki natijalarga ko`ra Qozog`iston tomoni O`zbekistondan import bo`lgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi (Tomato brown rugose fruit virus) va boshqa karantin kasalliklar aniqlanganligi yuzasidan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagan va e`tiroznoma (notifikasiya) jo`natmagan.
Shu bilan birgalikda, O`zbekiston va Qozog`iston karantin xizmatlari o`rtasida tezkor ravishda muzokara olib borilib, ushbu tarqalgan xabarga izoh bergan fitosanitariya xizmatining Qozog`istonning Turkiston viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari I.Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import bo`lgan 43 tonna pomidor mahsulotida aynan O`zbekistondan yuklangan mahsulotida xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqladi.






