Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda uzoq davom etgan norozilik namoyishlariga sabab bo`lgan pensiya yoshini 64 yoshga ko`tarish haqidagi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda Reuters.
Kasaba uyushmalarining chaqiriqlariga qaramay, 14 aprel, juma kuni Fransiya Konstitusiyaviy kengashi pensiya yoshini oshirishni ma`qulladi, shundan so`ng Makron hujjatni imzoladi. Qonun pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha bosqichma-bosqich oshirishni nazarda tutadi. U 2023 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradi.
Mamlakat shimoli-g`arbidagi Renn shahrida namoyishchilar bu xabardan so`ng polisiya bo`limining kirish qismiga o`t qo`ydi. O`z navbatida kasaba uyushmalari ishchilarni 1 may – Mehnat kuni munosabati bilan yurishga chaqirdi.
Fransiyada pensiya yoshini oshirishga qarshi namoyishlar bundan ancha oldin boshlangan. Xullas, joriy yilning 31 yanvar kuni 1 million 270 ming kishi ko`chaga chiqdi. 19 yanvar kuni namoyishlarning birinchi bosqichida 1 milliondan ortiq odam ko`chalarga chiqdi.
11 mart kuni Fransiya Senati pensiya yoshini 62 dan 64 ga oshirish to`g`risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Parijda namoyishlarda o`n minglab odamlar: kasaba uyushmalari rahbarlari, energetika sohasi xodimlari, transport xodimlari, shifokorlar, hamshiralar, o`qituvchilar, yoshlar va talabalar tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Rasmiylar namoyishchilar bilan kurashish uchun 13 ming polisiyachini safarbar qilgan. Ulardan 5,5 ming polisiyachi Parijga jalb qilingan.