Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahridagi tumanlardan birining Mudofaa ishlari bo`limi boshlig`i fuqaroga noqonuniy ravishda harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga o`z xizmat avtomashinasida undan 600 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bredi.
Boshqa bir holatda esa Sirdaryo viloyatidagi Aholi bandligiga ko`maklashish markazlaridan birining direktori yoshlarni kasbga o`rgatish bilan shug`ullanuvchi MChJ rahbaridan uning o`quv markazida tahsil olayotganlarning darslarga qatnashish holatini monitoring qilmaslik va MChJ faoliyati bo`yicha tekshiruv o`tkazmaslik evaziga 300 AQSh dollari talab qilib, muqaddam 2 mln. so`m olgan.
DXX xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 1,4 mln. so`mni o`z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






