Qozog`istonning Janao`zenida gaz portladi. Bu haqda "Sputnik Qozog`iston" xabar bermoqda.
Hokimlik favqulodda holat tafsilotlarini e`lon qildi. Ma`lum qilinishicha, hodisa bugun, 17 aprel kuni ertalab sodir bo`lgan. Gaz balloni portlashi natijasida uyning bir qismi qulab tushgan.
Voqea joyi vayronalardan tozalanmoqda, 300 ga yaqin kishi ishlamoqda. Bular 56 nafar qutqaruvchi, 13 nafar hokimlik xodimi, 150 nafar ichki ishlar xodimi va 60 nafar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilaridir. Qutqaruvchilar vayronalarni demontaj qilishda davom etmoqda.
Janao`zendagi portlashda hozirga qadar e`lon qilingan xabarlarga ko`ra, 4 inson halok bo`lgan, jumladan 29 yoshli erkak, ikki nafar ayol va 3 yoshli qiz halok bo`lgan. Yana 3 nafar odam "reanimasiya"da, yana 3 nafari esa travmatologiya bo`limida.
Idoralararo komissiya tuzilib, jinoiy ish qo`zg`atilgan. Uyidan ayrilganlar yangi kvartiralarga ega bo`ladi. Ular "KazMunayGaz" tomonidan ajratiladi, deb xabar qildi milliy kompaniya matbuot xizmati.






