Andijon viloyati, Baliqchi tumanida shar`iy nikohdagi ikkinchi turmush o`rtog`ini bo`yoq suyultirgich bilan yoqib yuborgan erkak 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.
Erkak yotoqxonada bir o`zi uxlab yotgan shar`iy nikohidagi ikkinchi xotinini ustiga bo`yoq suyultirgich moddasini sepgan. Ayol qo`rqib uyg`ongan vaqtida qo`lidagi yondirgich bilan uni yoqib yuborgan. Marhuma olov alangasidan talvasaga tushib, o`zini qutqarish maqsadida uy hovlisiga yugurib chiqib, elim idishdagi suvni o`z ustiga quyib, olovni o`chirishga uringan.
Biroq erkak o`zining jinoiy maqsadini oxiriga etkazish maqsadida yana bir bo`yoq suyultirgichni jabrlanuvchining ustiga sepib yoqib yuborgan. Ayol o`z jonini saqlab qolish maqsadida elim idishdagi suvni yana egnidan quyib, ko`chaga qochib chiqqan va qo`shnisining xonadoniga yashiringan. Ammo ko`rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan olgan jarohatlari tufayli oradan 13 kun o`tib shifoxonada vafot etgan.
Sudda so`z olgan erkakka ko`ra, ayolga doimiy ravishda so`ragan pullarini berib turgan. Ishlari yurishmay qolgach, buning imkoni bo`lmay qolgan. Natijada ayolning eriga nisbatan xatti-harakati va munosabatlari o`zgargan.
"Hattoki, telefon raqamimni qora ro`yxatga kiritib, qo`ng`iroqlarimga javob ham bermay qo`ydi. Pulim borligida yaxshi, ishim yurishmay qolganida esa o`zini uzoqlashtirayotganini ko`rib, uni o`ldirish fikri hayolimga keldi. Shu sababli rejamni amalga oshirish maqsadida yuz bergan voqeani amalga oshirdim. Aybimni tan olaman, qilmishimdan pushaymonman”, — deydi sudlanuvchi.
Shuningdek, sud muhokamasida erkakning firibgarlik bilan shug`ullanganligi ham ayon bo`lgan.
Sud hukmi bilan unga nisbatan uzil-kesil o`tash uchun 17 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.






