Gonkong (XXR)da “Bir makon, bir yo`l” tashabbusining 10 yillik yubileyi munosabati bilan “Ajoyib yangi dunyo” xalqaro forumi bo`lib o`tdi. Bu haqda Markaziy Osiyo xalqaro instituti Matbuot kotibi Darakchi.uz'ga ma`lum qildi.
Xabarda aytilishicha, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov mazkur anjumandagi chiqishida ShHTning Samarqandda bo`lib o`tgan sammitida start olgan, keyinchalik Janubga qarab – Turkmaniston va Eron orqali Turkiyagacha cho`ziladigan, Xitoydan Evropaga olib boruvchi yo`lni 900 kilometrga qisqartirib, yuk tashish muddatini sakkiz sutkaga kamaytiradigan "Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston" temir yo`l tarmog`i loyihasi "Makonlar va yo`llar" tashabbusini amalga oshirishda tarixiy ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
O`zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o`zaro bog`liqligini ham, jumladan, "Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar" temir yo`li qurilishi orqali qo`llab quvvatlaydi.
Ushbu yo`nalish nafaqat "Makonlar va yo`llar" tashabbusining logistik imkoniyatini oshiradi, balki Afg`onistonda tinchlik o`rnatilishiga va "Shimol – Janub", yo`nalishida savdo-iqtisodiy aloqalarni ham kengaytiradi.
Ta`kidlash joiz, Markaziy Osiyo ShHT va “Bir makon, bir yo`l” tashabbusi uchun hal qiluvchi minqata hisoblanadi va mazkur loyihalardagi ishtiroki bilan kelgusidagi iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot jarayonini ta`minlash uchun yuqori salohiyatga ega.
Masalan, 30 yildan ortiqroq vaqt mobaynida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o`rtasidagi o`zaro aloqalar keskin rivojlanish sur`atini namoyon qildi va strategik sheriklik darajasiga ko`tarildi.
Faqat 2022 yil davomida Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 45.4 foiz oshib, shunga mos ravishda, mahsulot ayirboshlash 49 milliard dollarga etdi. XXR raisi Si Szinpin bayonot berganidek, ushbu ko`rsatkichni 2030 yilga borib 70 milliardga etkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga yana bir muhim jihatga e`tibor qaratish o`rinli. Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining 2022 yil 25 yanvarda bo`lib o`tgan onlayn-sammitida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev to`siqlarsiz savdoni, sanoat kooperasiyasi va mahalliylashtirish (lokalizasiya)ning umumiy makonini ta`minlashga qaratilgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" Yangi iqtisodiy muloqot strategiyasini ishlab chiqishni taklif qildi.
O`zbekiston, shuningdek, Markaziy Osiyoda Xitoy bilan birgalikda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta`minlashga ko`maklashadigan uzoq muddatli va o`zaro manfaatli qo`shma loyihalarni amalga oshirish, mintaqa davlatlariniglobal iqtisodiyotva transport-logistika yo`laklari tizimiga integrasiyalash tashabbuslarini ilgari surmoqda.






